Joriy yilda mahallalarda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida tumandagi 3 ming 476 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi. Ularning 1 ming 852 nafari oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish uchun bankdan kredit olish istagini bildirgan.
Muloqotda viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, AT Xalq banki viloyat hududiy filiali, Shahrixon tuman hokimligi mutaxassislari tomonidan tumanda kredit olish istagidagi 528 nafar hunarmand xotin-qizga 2 milliard 640 million soʻm miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratilishi taʼkidlandi. Shuningdek, mazkur mablagʻlar bosqichma-bosqich berilishi, uni maqsadli sarflash va qaytarish yuzasidan maʼlumot va tushunchalar berildi.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi oʻz tadbirkorligini boshlash va kengaytirish arafasida turgan yuz nafar xotin-qizga imtiyozli kredit hisobidan 5 million soʻmdan naqd pul topshirdi.
– Men oʻz xonadonimda tikuvchilik bilan shugʻullanaman, – deydi Shahrixon mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Madinaxon Otaliqova.
– Ikki nafar shogirdim bilan ish yuritaman, asosan ayollar liboslarini tikib sotamiz. Faoliyatimni kengaytirish maqsadida kredit olish uchun murojaat qilgan edim. Menga kredit ajratiladigan boʻldi. Viloyat hokimi beriladigan kredit hisobidan 5 million soʻm naqd pul bergani esa menga yordam boʻldi, albatta. Eng muhimi, men mahallamizdagi ishsiz yoshlardan yana ikki nafarini shogird qilib yonimga olaman. Ularga hunar oʻrgataman, tikuvchilik bilan mustaqil shugʻullanishlariga yordam beraman.
Muloqot davomida xotin-qizlarning turli masalalar yuzasidan murojaatlari ham shu yerning oʻzida hal etildi. Jumladan, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan 15 nafar ayolga sogʻligini tiklashi uchun imtiyozli yoʻllanma berildi. Shahrixon tuman hokimligi esa qiyin sharoitda yashayotgan 4 nafar ayolning uy-joyini homiylik asosida taʼmirlab beradigan boʻldi.




