Ushbu reyting baholash ishlari natijalariga ko'ra, Andijon viloyatida barcha ko'rsatkichlarda salbiy tendensiya kuzatilmoqda.
Masalan, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish bo'yicha viloyat o'tgan 3 oyda eng yuqori o'rinlarni egallab turibdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo'yicha eng ko'p murojaat qiladigan hududlar ichida Respublikada 1-o'rinni band etmoqda.
Ushbu raqamlar ko'rsatib turibdiki, Andijon viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini tubdan qayta ko'rib chiqish kerak.
Andijon viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashining kuni-kecha bo'lib o'tgan navbatdagi yig'ilishida shu haqda so'z bordi.
Yig'ilishda, ayniqsa, viloyat, shahar va tuman hokimliklarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining bugungi kundagi holatiga alohida e'tibor qaratildi.
Tahlillarga ko'ra, 2021 yilda 22 nafar shaxsga nisbatan 18 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan. Ular o'zlashtirish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste'mol qilish hamda pora olish kabi jinoyatlarni sodir qilgan.
Mazkur jinoyatlarga qo'l urganlarning 4 nafari viloyat hokimligi, 18 nafari tuman va shahar hokimliklarining xodimlari hisoblanadi.
Yig'ilishda bu kabi raqamlar Davlat rahbari boshchiligidagi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarga soya solib, xalq ishonchiga putur yetkazayotgani qayd etildi. Ushbu jinoyatlarning chiqish sabablari, hozir va kelgusida ularning oldini olish uchun ko'riladigan choralar to'g'risida esa viloyat prokurori, mas'ul hokim o'rinbosari axborot berdi.
Muloqotlar davomida viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashi o'z zimmasidagi vazifalarni samarali bajara olmayotgani ham tanqid qilindi.
Ta'kidlandiki, 2021 yil yakunlari bo'yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining reyting baholash natijalariga ko'ra, Andijon viloyati 9-o'rinni egallagani ham shundan dalolat berib turibdi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan kelgusida viloyatda korrupsiyaning oldini olish ishlarini takomillashtirish yuzasidan maqsad va vazifalar belgilab olindi. Xususan, Kengash faoliyati samaradorligini yanada oshirishda e'tibor qaratilishi va hal etilishi lozim bo'lgan jihatlar atroflicha muhokama etilib, Kengash a'zolari mas'uliyatini oshirish bo'yicha aniq choralar ko'rishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati