Andijon viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi

    Shahrixon tumanida yashovchi, 1980-y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, kadastr tizimidagi tanishlari orqali 8 sotix noturar yer maydonini turar joy toifasiga oʻzgartirib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 28 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Andijon viloyatining Oltinkoʻl tumanidagi paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari boshqa bir fermer xoʻjalik balansida boʻlgan 50 sotix yer maydonini goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, uni xaridorga 117.500 AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Qoʻngʻirot tumanida yashovchi, 1959-y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, davlat zaxirasida boʻlgan 25 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 85 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati maʼlum qildi.