Guvohnomasiz bogʻchaga, maktabga joylashtirib boʻlmaydi, davlat shifoxonalarida esa kasalga anketa ochilmaydi. Buning ortidan esa turli qiyinchilik vujudga kelishi ham tabiiy albatta.

Yaqinda oʻzining 16 yoshini qarshilagan xoʻjaobodlik Behruzbek Isoqov va uning ukalari Poʻlatbek, Rustambek, singlisi Gulasallar yosh boʻlishiga qaramay ota-onasi tomonidan tugʻilganligi oʻz vaqtida qayd etilmaganligi bois boshidan turli sinovlarni oʻtkazishdi.

Bolalarning onasi Naziraxon Isoqovaning aytishicha, turli yillarda bir necha marotaba hokimlik va FHDYO xodimlariga murojaat qilinganda, bolalarga “metrika”lar sudning u yoki bu onadan tugʻilganlik faktini tasdiqlash haqidagi qaroriga asosan berilishi bildiriladi.

Xoʻjaobod tumani FHDYO mudirasi Gulnozaxon Mamatovaning tashabbusi va bir nechta homiylarning yordami bilan pul mablagʻlari yigʻilib Naziraxon Isoqova hamda uning 4 farzandi uchun u yoki bu onadan tugʻilganlik faktini tasdiqlash maqsadida DNK tekshiruvi oʻtkazildi. Biologik ekspertiza xulosalariga koʻra Nazira Isoqova bolalarning onasi ekanligi tasdiqlandi.

Shunga asosan Xoʻjaobod tumanlararo sudi hal qiluv qaroriga asosan tuman FHDYO boʻlimi tomonidan Isoqovaning farzandlari 16 yoshli Behruzbek, 11 yoshli Poʻlatbek, 10 yoshli Rustambek va endigina 7 yoshni qarshilagan Gulasallarga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi.

Kuni kecha Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Mahmudjon Abdijaliyev va Xoʻjaobod tumani hokimligi vakillari Isoqovalar xonadoniga tashrif buyurib, bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni tantanali ravishda topshirdi.

Rustamjon ESHONOV.