Andijonda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizim masʼullari va mahalliy farmkompaniyalar vakillari ishtirokida muloqot oʻtkazildi.
Unda kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qoʻllab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishida belgilab berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, birgina 2023-yilning oʻzida Andijon viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasiga, viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalari uchun dori vositalari va tibbiy mahsulotlar sotib olish uchun 136 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.
Andijon viloyati hokimi oʻz fikrini bildirar ekan, “Dorixonalarda mahalliy mahsulotlar sotuvi koʻpaytiriladi, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzilib, hamkorlikda faoliyat olib boriladi. Tibbiy buyum va tibbiy texnikalarni ishlab chiqarishni kengaytiramiz hamda importni kamaytiramiz”, dedi.
Yigʻilishda tibbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar oʻz faoliyatini bank tomonidan moliyalashtirilib, qoʻllab quvvatlansa, import dorilar oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov yigʻilishda oʻz fikrini bildirib, korxonalar faoliyatini kengaytirish, import-eksport masalalari boʻyicha yordamga tayyorligini taʼkidladi.
Muloqot doirasida viloyatdagi har bir tibbiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning muammolari oʻrganilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish, farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlarini tashkil etishda ularning taklifini koʻrib chiqishni takomillashtirish haqida fikr almashildi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati