Olingan maʼlumotlarga koʻra, 1988 va 1991-yillarda tugʻilgan, muqaddam sudlangan aka-uka tomonidan 2 nafar qarindoshlarini jalb etgan holda, kishiga vaqtinchalik sarxushlik bagʻishlaydigan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining barqaror savdosi yoʻlga qoʻyilgan.

Dastlab, viloyat markazidagi “Navoiy” shox koʻchasida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1997-y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Neksiya-3” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 70 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Soʻngra uning koʻrsatmasi asosida jinoiy guruhning boshqa bir aʼzosi - muqaddam 3 marotaba sudlangan, 1983-y.t. ayolning yashash xonadonidan tarkibida psixotrop moddalar turkumiga kiruvchi “trigeksifenidil gidroxlorid” moddasi boʻlgan 75 dona “Siklodol” dori vositasi, shuningdek, 1715 dona “Regapen”, 211 dona “Tropikamid”, 200 dona “Zardeks”, 185 dona “Lirika” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirilib olindi.

Bundan tashqari, jinoiy guruh yetakchilari boʻlgan aka-ukaning mahalliy aholi orasida elektroset koʻchasi deya ataluvchi - A.Haydarov koʻchasida joylashgan yashash xonadonlarida va shaharning Amir Temur koʻchasida joylashgan ularga tegishli “XXX” tungi klubida va avtomashinalar yuvish shahobchasida ham tintuv-tergov harakatlari oʻtkazildi.

Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan umumiy qiymati 103 mln. soʻmlik 3000 dona “Tropikamid”, “Regapen” “Lirika” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, “bita” tayoqlari, oʻtkir tigʻli jismlar, aloqa vositalari, katta miqdordagi pul mablagʻlari, hisob-kitob daftarlari, garov sifatida qoldirib ketilgan haydovchilik guvohnomasi, diplom, nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma, fuqarolik pasportlari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Bundan tashqari, DXX xodimlari tomonidan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosiga qarshi oʻtkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi, 1986-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Cobalt” avtomashinasi shaharning Doʻstlik MFY hududida toʻxtatilib tekshirilganda, unda 2296 dona “Lirika”, 1598 dona “Tropikamid” va 337 dona “Regapen” dori vositalari borligi aniqlanib, oʻrnatilgan tartibda olib qoʻyildi.

Bu kabi tadbirlardan yana biri Oltinkoʻl tumanida oʻtkazilib, unda “Namangan – Andijon” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Lasetti” avtomashinasida 4032 dona “Regapen” hamda 971 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, Oltinkoʻl tumanida yashovchi, 1984-y.t. va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1995-y.t. 2 nafar fuqaro ushbu dori vositalarini Andijon shahrida sotishni rejalashtirgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.