Ular maktab xonalari va zallaridagi devor hamda shiftlarni tozalash va oqlash bilan shugʻullanishgan.
Videolardan birining muallifi ular matematika, ingliz tili, rus tili, mehnat va boshqa fanlardan dars beruvchi oʻqituvchilar ekanini aytadi. Ular mehnat taʼtilida boʻlganiga qaramay, maktabda «hashar«ga chaqirilgan.
Bu ayollar Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilari ekani maʼlum boʻldi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mazkur video yuzasidan munosabat bildirib, holat qatʼiy nazoratga olingani hamda atroflicha oʻrganib chiqilayotganini maʼlum qildi.
«Aytish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunida pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi aniq koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, ularni biron-bir shaklda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi. Shu nuqtayi nazardan yuqoridagi holatga sababchi boʻlgan masʼul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda taʼsir choralari koʻrilishi taʼminlanadi«, – deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bitta maktabdagi holatni umumiy vaziyat sifatida baholamaslik soʻralgan.
Holatga Andijon viloyati hokimligi ham munosabat bildirib, masala oʻqituvchilarning qadr-qimmati bilan bogʻliqligi sababli, mazkur holat viloyat hokimi tomonidan alohida nazoratga olinganini maʼlum qildi.
«Viloyat hokimligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, xolis va atroflicha oʻrganish ishlari boshlangan. Ushbu holat hozirda oʻrganishda boʻlgani sabab, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, bloger hamda OAV vakillaridan tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmasliklarini soʻrab qolamiz«, – deyiladi hokimlik xabarida.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha batafsil maʼlumot taqdim etilishi va holatga yoʻl qoʻygan masʼullarga qatʼiy choralar koʻrilishi qayd etilgan.
«Viloyat hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchilarning asosiy vazifasi – taʼlim berish, tarbiyalash va kelajak avlodni shakllantirishdan iboratligi yuzasidan bildirilgan fikrlarni toʻla qoʻllab-quvvatlagan holda, oʻqituvchilarni taʼlimdan tashqari ishlarga jalb qilishni mutlaqo noqonuniy hisoblanishini bildiradi«, deyiladi hokimlik munosabatida.