Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchilarning taʼmir ishlariga jalb etilgani aks etgan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, video tasvirlangan sana — 2024-yil 2-avgust kuni bir guruh oʻqituvchilar tomonidan maktab hududida hashar tarzida begoaraz mehnat faoliyati amalga oshirilgan.
Garchi jamoa aʼzolari bu ishda ixtiyoriy qatnashganini bildirgan boʻlsalar-da, taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan ularning asosiy vazifasidan chetga chiqqan ishlarini bajarish holati oldindan baholanmagan.
Shu munosabat bilan, 42-maktab direktori Z.M. xizmat vazifalarini lozim darajada bajarilmaganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Maʼlumot uchun, ushbu taʼlim muassasasi 1982-yilda foydalanishga topshirilgan, 2005-yilda joriy taʼmirlangan.
Soʻnggi ikki yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali 2,4 milliard soʻmga yaqin mablagʻ oʻzlashtirilib, maktabda sport maydoni qurildi va old qismi modernizatsiya qilindi.
Bugungi kunda mazkur maktabda 1 236 nafar oʻquvchiga 74 nafar pedagog taʼlim bermoqda.