Andijonda ota farzandi uchun aliment pulini oldindan toʻladi

    Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida ota farzandi uchun 2.8 ming AQSH dollar aliment pulini oldindan toʻlab berdi.

    Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Xoʻjaobod tumanlararo sudining 29.07.2009-yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor A.A.dan undiruvchi M.T.foydasiga bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun har oy topgan daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish koʻrsatilgan. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ijro ishi boʻyicha qarzdor A.A. tomonidan belgilangan aliment pullari ixtiyoriy ravishda oyma-oy toʻliq toʻlab kelingan.

    Maʼlumotlarga koʻra, qarzdor A.A. farzandi kelgusi yilda voyaga yetishini maʼlum qilib, aliment pullarini oldindan toʻlash niyati borligini bildirgan. Ijro harakatlari davomida qarzdor A.A. aliment uchun oldindan toʻlov sifatida olib kelgan 2 800 AQSH dollari undiruvchi M.T.ga topshirdi.

    Oldindan toʻlangan aliment sabab undiruvchining arizasiga muvofiq ijro ishi tamomlandi, — deyiladi xabarda.