Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudi buyrugʻiga asosan qarzdor T.I.dan undiruvchi M.I. foydasiga 4 nafar farzandlarining moddiy taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan. Shunga muvofiq, Byuroning Andijon tuman boʻlimi xodimlari tegishli ijro harakatlarini olib borgan va qarzdor shu kunga qadar aliment pullarini toʻlab kelgan.
Ijro harakatlari davomida, taraflar bilan suhbat jarayonida qarzdor aliment toʻlovlarini oldindan toʻlab berishini maʼlum qilgan. Undiruvchi ayol esa bunga xayrixohlik bildirgan.
Taraflar oʻrtasida kelishuvga erishilib, ota farzandlari voyaga yetgunga qadar boʻlgan aliment toʻlovlari uchun oldindan 19 000 AQSH dollari, yaʼni qariyb 250 million soʻm miqdoridagi pullarni undiruvchi M.I.ga taqdim etdi. Undiruvchi M.I. farzandlari voyaga yetgungacha boʻlgan aliment pullari hisobiga ushbu pullarni qabul qilganligini bildirib, ijro ishi tamomlanishini soʻradi.