Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Gʻarbiy Xojaosmon” konidagi 3-sonli qidiruv qudugʻida mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, quduq konservatsiyadan qaytarildi.

Natijada quduqning 734-738 metr oraliqlarida perforatsiya ishlari oʻtkazilib quduq favvora usulida ishga tushirildi.

Ushbu quduqda bosim pastligi sababli favvora usulida koʻp ishlamadi. Maʼlum vaqt quduq kompressor yordamida ishlatilib kuniga oʻrtacha 5-7 tonna neft qazib olindi. Quduqda kompressorni muntazam ishlatishning imkoni boʻlmaganligi uchun “Oʻzbekneftgaz” AJ va Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda quduqni mexanik usulga oʻtkazib ishlatishga qaror qilindi. Joriy taʼmirlash brigadasi yordamida quduqqa kerakli material-texnik resurslar oʻrnatilib, quduq joriy yil 29-iyulda mexanik usulda ishga qoʻshildi. Hozirda quduqdan kuniga oʻrtacha 7 tonna miqdorida neft qazib olinyapti.

Maʼlumot uchun: “Gʻarbiy Xojaosmon” koni Asaka shahrida joylashgan boʻlib, 2012-yilda qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun burgʻilash ishlari boshlangan. 738-732 metr oraliqdagi XX gorizont ishlatilib koʻrilganda qatlam suvi bilan gaz va qisman neft olindi. Gazning dastlabki qazib olingan hajmi kunlik 19,4 ming kub metrdan 60,7 ming metr kubni tashkil qilgan. Tez-tez suv bosib qolishi sababli quduq konservatsiyaga qoʻyilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.