Xabarga koʼra, Аndijon viloyat qurilish sohasida nazorat inspektsiyasi tomonidan oʼrganish ishlari olib borildi.
Oʼrganishda obʼektning qurilish ishlari 2022-yilning mart oyida boshlangan. Nazorat tadbirlari davomida fuqaro I.Usmonov tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarisiz inspektsiyani xabardor qilmasdan, obʼektda qoʼshimcha 2 qavat (4-5-qavat) qoʼshib, qurilish ishlarini amalga oshirilgani aniqlangan.
Ushbu holat boʼyicha fuqaro I.Usmonovga Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi 7-qismi bilan maʼmuriy chora qoʼllanilgan.
Qurilish ishlari davomida binodagi temir-beton plitalarining qulab tushishi va bino yuqori qavatlaridagi devorlar buzilishiga ishchilar tomonidan temir-beton plitalar ustiga meʼyordan (meʼyor boʼyicha 1 m2 yuzaga 800 kg yuk tushishi belgilangan, lekin joyida ushbu yuzaga 1400-1500 kg atrofida yuk joylangan) ortiq qurilish materiallari yuklanganligi hamda yuklarni avtokranda tushirish jarayonida dinamik qoʼyish hosil boʼlishi sabab boʼlgan.
Inspektsiya tomonidan obʼektning shaharsozlik hujjatlarisiz qurilgan va yaroqsiz holga kelgan 4 va 5-qavatlarini fuqaro I.Usmonov tomonidan texnika xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya etgan holda buzib (demontaj) olishi kerakligi tushuntirilgan va binoning 5-qavati demontaj qilingan. Hozirda fuqaro I.Usmonovning moliyaviy muammolari sabab binoning 4-qavatini buzish va qurilish ishlarini davom ettirish vaqtincha toʼxtatilgan. Obyektning demontaj ishlarini bajarish va qurilishni davom ettirish inspektsiya tomonidan nazoratga olingan.