Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi maʼlumotiga koʻra, fuqaro F.Xalilov tomonidan shaxsiy uyining bir qismi buzilib, oʻrniga mehmonxona qurilishi amalga oshirilgan. Ammo ushbu qurilish hech qanday shaharsozlik hujjatlarisiz olib borilgan.
Vazirlik va masʼul organlar tomonidan bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan:
- Qurilishga ruxsat beruvchi hokim qarori yoki qurilish boʻlimi ruxsatnomasi mavjud emas;
- Arxitektura-rejalashtirish topshiriqnomasi (APZ) rasmiylashtirilmagan;
- Geologiya, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmagan va tasdiqlanmagan;
- Shaharsozlik kengashining muhokamasidan oʻtkazilmagan;
- Obyekt bosh rejasi rasmiylashtirilmagan;
- Qurilish materiallarining sifatiga doir hujjatlar taqdim etilmagan;
- Yopiq ishlar boʻyicha dalolatnomalar mavjud emas;
- Bino seysmik talablarga javob bermasligi aniqlangan.
Shu kabi jiddiy kamchiliklarga qaramasdan, “Konstant Proyekt” MCHJ tomonidan loyiha hujjatlari toʻliq ishlab chiqilmagan, “Triumf Proyekt” MCHJ esa birlamchi hujjatlarsiz xulosa taqdim etgan.
Qurilish jarayonida mahalliy qurilish boʻlimi va nazorat inspeksiyasi bir necha marta ishlarni toʻxtatish haqida koʻrsatma bergan, biroq ishlar davom ettirilgan. 2016-yilda binoga mutaxassislar tomonidan mustahkamlash loyihasi ishlab chiqish boʻyicha taklif berilgan boʻlsa-da, amalga oshirilmagan.
2022-yil 6-mayda “Oʻzogʻirsanoatloyiha” instituti mutaxassislari binodagi darz ketish holatlarini qayd etib, uni buzish zarur deb topgan.
Shuningdek, 2022-yil 6-iyul kuni Toyloq tumanlararo sudi tomonidan qabul qilingan hal qiluv qaroriga koʻra, mazkur 12 qavatli binoni buzish va xarajatlarni F.Xalilov zimmasiga yuklash belgilangan.








