Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari, RUDNning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari va boshqalar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda mehnat migratsiyasini rivojlantirish, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarga kasb-hunar va chet tilini oʻrgatish orqali yuqori maoshli ish oʻrinlariga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida taʼkidlandi.

Taʼkidlash joizki, Rossiya Federatsiyasi hududida ishlash uchun talab etiladigan patentni rasmiylashtirish uchun oʻrtacha 20 kundan 30 kungacha vaqt talab etiladi. Bu vaqt oraligʻida fuqaroning ishlashi mumkin emas va tabiiyki, bu jarayon mehnat migrantlaridan ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi. Endilikda, RUDNning mamlakatimizdagi vakolatxonasi orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi, xususan, rus tili, Rossiya qonunchiligi va tarixini oʻrgatish, tegishli sertifikat berish ishlari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgani fuqarolarimizning vaqti va mablagʻi tejalishiga xizmat qilmoqda.

Sertifikatlarga ega boʻlgan fuqarolar kelgusida Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk shahridagi “YujUralZolota” kompaniyasiga yuqori maoshli ish oʻrinlarida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuboriladi.