Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, Shahrixon tumanida yashovchi 17 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqlar orqali terroristik va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maʼruzalarni tinglash oqibatida Suriyadagi “Ahli sunna va al jamoa” nomli terroristik tashkilot taʼsiriga tushib qolgan.

Tashkilot targʻibotchilari yigit bilan aloqada boʻlib turgan. Unga turli topshiriqlar berishgan, jumladan, uyida jamoat tuzishni aytishgan. Shuningdek, yigit ularning topshirigʻiga asosan Instagramʼda “Al-gʻarib” nomi ostida sahifa ochib, unga “Ahli sunna va al-jamoa” tashkiloti media markazi tomonidan tayyorlangan video va audio materiallarni joylashtirgan.

Shu tariqa, u Ulugʻnor va Shahrixon tumanlarida yashovchi 16−19 yoshli 13 nafar yoshlardan iborat boʻlgan “Ahiylar” nomli virtual jamoatni tuzib, jamoat aʼzolari bilan jihod va hijrat qilish mavzulari hamda xalqaro terrorchilik tashkilotlarning daʼvat va chaqiriqlarini muhokama qilib kelgan. Ular Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida mazkur jamoat faoliyatiga chek qoʻyilib, 13 nafar yoshlarning Suriyaga chiqib ketishining oldi olindi, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan jamoat aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi “g” bandi (Ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.