Maʼlumotlarga koʻra, bugunga qadar Andijonda 43 211 nafar uyushmagan yoshlar doimiy mehnat faoliyati bilan shugʻullanmayotgani qayd etilgan. Ularning bandligini taʼminlash asosiy masala ekanligini hisobga olib, viloyat hokimi oʻrinbosarlari boshchiligida kompleks sohalar tomonidan ishsiz yoshlar otaliqqa olingan.

Tadbirda maʼlum qilinishicha, yil mobaynida yoshlar tomonidan taqdim etilgan 1234 ta loyihaga 60 mlrd 140 mln soʻm kredit mablagʻlari ajratilib, tadbirkorlik faoliyatlari yoʻlga qoʻyilgan, 5239 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan. Yakunlanayotgan yilga 12 437 nafar yoshlarga gʻalladan boʻshagan yerlar, bogʻ qator orasidan, adirliklardan jami 1928 gektar yer maydoni berilgan. Shuningdek, Ulugʻnor tumanida foydalanilmayotgan qariyb 603 gektar yer maydoni koperativ foydalanish huquqi asosida 112 nafar yoshlarga ajratilgan. Ushbu yerlarda bodom va yongʻoq bogʻlari tashkil qilinib, bogʻ oralari sabzavot va poliz ekinlari yetishtirishda foydalanilgan. Oliy taʼlim muassasalari va chekka hududlarda oʻtkazilgan yoshlar bilan uchrashuv mobaynida kelib tushgan murojaatlardan yil mobaynida 6206 ta muammo hal etilgan.

Yil boshida tashabbuskor yoshlar orasidan 10 kunga hokim, hokim oʻrinbosarlari, deputat va boshqa rahbarlik lavozimlariga tajriba asosida qoʻyilib, boshqaruv sohasida oʻzlarini sinab koʻrishiga imkon yaratilgani alohida taʼkidlab oʻtildi. Ushbu loyihada oʻzini koʻrsatgan yoshlarning maʼlum qismi tegishli lavozimlarga tayinlandi, qolganlari esa zaxira kadrlar roʻyhatiga kiritilgani taʼkidlab oʻtildi.

Yoshlar oyligi doirasida 30 dan ortiq tadbirlar oʻtkazilib, sport musobaqalari, yosh dizaynerlar oʻrtasida turli moda koʻrgazmalari, koʻrik-tanlovlar oʻtkazilib, gʻolib va sovrindorlar viloyat hokimi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan.

Forum mobaynida yoshlar turli soha boʻyicha savol va takliflari bilan viloyat hokimiga murojaat yoʻlladi va masalalarning ijobiy hal etilishi toʻgʻrisida hokim oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, tadbirning oʻzida masʼul xodimlar zimmasiga tegishli vazifalar yukladi.

– Biz oʻz ixtirolarimizni amaliyotga tadbiq etish uchun, shuningdek, shoʻrlangan yerlarda oʻrmonchilik va bogʻdorchilikni rivojlantirish uchun Ulugʻnor tumani hududidagi oʻsimlik oʻsmaydigan, shoʻrtuproqli maydonlardan 1 gektar yer ajratib berishlarini soʻradik. Hokimlik tashabbusimizni qoʻllab-quvvatladi va tez orada yer va moddiy koʻmak ajratilishini maʼlum qildi hamda bu boʻyicha tegishli masʼullarga yuklatildi. – deydi Biloliddin Ergashev, Andijon davlat universiteti magistranti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori.

Yulduz Oʻrmonova