Mazkur qishloq xoʻjalik klasteri tasarrufidagi Boʻston tumanining Ulugʻbek massivida joylashgan 27-boʻlimning 9 gektarlik ekin maydoni tumandagi Maorif, Koʻhinur, Mustaqillikning 15 yilligi va Gʻolib mahalla fuqarolari yigʻinlarining “Temir daftari” roʻyxatida turgan ehtiyojmand oilalarning 30 yoshgacha boʻlgan farzandlariga hamda “Yoshlar daftari” roʻyxatida boʻlgan ishsiz yoshlarning 60 nafariga, shuningdek qishloq xoʻjalik klasteriga qarashli paxtani qabul qilish va qayta ishlash zavodida ishlovchi ishchilarning farzandlaridan 30 nafariga 10 sotixdan yer ajratib berildi.

Ularga yer ajratib berishda klaster ekin maydonlarining eng serunum yerlaridan berilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga yer berilayotgan yoshlarning hujjatlari klaster maʼmuriyati tomonidan roʻyxatga olinib, qonuniy rasmiylashtirildi. Endilikda ular bu yerda bemalol poliz va sabzavot ekinlarini ekib, yetishtiradilar oʻzi va oilasi iqtisodini yuksaltirib, oilaviy daromadlarini oshiradilar. Oʻz oʻrnida bu ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlab, yoshlar oʻrtasida ishsizlik bilan birga bekorchilikdan kelib chiqishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishini oldini oladi.

Yanada eʼtiborlisi shuki “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik klasteri maʼmuriyati yer ajratib berilgan yoshlarga yana-da qulay imkoniyatlar yaratib beryapti. Bunda yoshlarga yer ajratib berishdan tashqari ularga ekin ekish uchun urugʻliklarni yetkazib berish, ekinlarni yetishtirishdan boshlab, hosil olishga qadar boʻlgan mavsumiy agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishda amaliy yordamlar koʻrsatishni oʻz zimmasiga olgan. Bundan tashqari qishloq xoʻjaligi klasterining tajribali agronomi va iqtisodchi mutaxassisi yer ajratib berilgan yoshlarning dehqonchilik va iqtisodiy koʻnikmalarini shakllantirishlari uchun oʻz tavsiya va maslahatlarini berib borishga biriktirildi.

Shuningdek, yoshlarga yer ajratib berish tadbirida Boʻston tumanida qishloq xoʻjaligi rivojlanishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelgan mehnat faxriysi Muhammadqodir hoji Turdiyev hamda “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik klasterining moliyaviy masalalar boʻyicha direktori Bahodirjon Qodirovlar soʻzga chiqib, yor ajratib berilgan yoshlarga ushbu ekin maydonlaridan unumli foydalanishlari va oʻzlarining halol mehnatlari bilan oilaviy iqtisodini yuksaltirishlariga umid bildirdilar. Yosh dehqonlarning boshlayotgan ishlariga omad tiladilar.

Ilhomjon TOJIBOYEV