Suhbat davomida Oʻzbekiston bilan Angolaning tarixiy jihatdan faol sheriklik aloqalari saqlanib qolgani, ayniqsa, taʼlim sohasida 1 000 nafardan ortiq Angola fuqarolari Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishganini taʼkidlandi.

Nelson Kosme Oʻzbekiston taʼlim muassasalarida tibbiyot, sugʻorish va konchilik mutaxassisliklari boʻyicha oʻqigan, oʻz sohasining yuqori malakali mutaxassislariga aylangan angolalik talabalarga koʻp yillik yordami uchun Oʻzbekiston rahbariyati va uning mehmondoʻst xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Nelson Kosme soʻnggi yillarda Angola Respublikasi Afrikaning tez rivojlanayotgan mamlakatlaridan biriga aylanganini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish mamlakat iqtisodiyotida ustunlik qiladi. Mineral xomashyo resurslari – neft, gaz, uran va olmos eksporti boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga ega.

Angola elchisi Oʻzbekiston bilan manfaatli savdo-iqtisodiy sheriklik, sarmoyaviy va gumanitar sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi. Xususan, angolalik yoshlarni Oʻzbekistonning konchilik sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlarida oʻqitishda hamkorlik istagini bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning 100 nafardan ziyod yuqori malakali shifokorlari Angolaning NʼDalatando, Luanda, Uambo, Malanje, Uije kabi shaharlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston – Angola hamkorligini yoʻlga qoʻyishda xohish va katta qiziqish borligini tasdiqlagan elchi Nelson Kosme Angola Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston elchixonasi delegatsiyasining Luandaga ishchi tashrifini tashkil etishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.