OAV vakillari Angren konida koʻmir ustki qatlamini ochish, koʻmir qazib olish, saralash va isteʼmolchilarga yuklash jarayoni bilan tanishdilar. Tadbir davomida jurnalistlarga respublika koʻmir sanoati sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berildi.
Respublikada koʻmir qazib chiqarish koʻrsatkichlari va koʻmir qazib chiqarish hajmi ijtimoiy soha hamda sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, yil sayin ortmoqda. Ilgʻor xorijiy tajribani qoʻllagan holda koʻmir qatlamlarini baholash va burgʻilash ishlari davom ettirilmoqda.
Xususan, 2024-yilda 8,4 million tonna koʻmir qazib chiqarilgan
(2023-yilga nisbatan 128 foiz yoki 1,9 million tonnaga, 2016-yilga nisbatan 2,2 barobar koʻp). 2025-yilda koʻmir qazib chiqarish 9 million tonnaga yetkazilishi prognoz qilinmoqda.
Koʻmirga mutanosib ravishda qazib chiqaruvchi korxonalar soni ham ortib bormoqda. Aniqlangan 17 ta istiqbolli konlar va maydonlar tadbirkorlarga berilib, ular tomonidan 2023-yildan shu kunga qadar 1,1 million tonnadan (umumiy qazib chiqarish hajmining 5,6 foizi) koʻmir qazib chiqarildi. 2023-yilga qadar koʻmir mahsulotlari faqat “Oʻzbekkoʻmir” va “Shargʻunkoʻmir” jamiyatlari tomonidan qazib chiqarilgan.
“Shargʻunkoʻmir” AJni modernizatsiya qilish investitsion loyihasi toʻliq ishga tushirilishi natijasida 900 ming tonna yuqori kaloriyali koʻmir ichki bozorga yoʻnaltirildi. Tosh koʻmir asosan sement ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlatilib, aholi ehtiyojlari uchun foydalanilmaydi.
Bundan tashqari, Angren koʻmir xavzasidagi Nishbosh koʻmir koniga investorlar jalb qilinib, yiliga 10 million tonna koʻmir qazib chiqarish hamda koʻmirni boyitish orqali respublika isteʼmolchilariga sifatli koʻmir mahsulotlari yetkazib berish loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan isteʼmolchilarga jami 6,4 million tonna (oʻsish 107,8 foiz), shu jumladan, ijtimoiy soha tashkilotlariga 615 ming tonna, aholiga 1 276 ming tonna mahalliy koʻmir yuborilgan.
“Oʻzbekkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatida 11 ta tarkibiy tuzilma mavjud boʻlib, ulardan uchtasi koʻmir koni, qolganlari yordamchi korxonalardir. Tizimda bugungi kunda 6 ming nafarga yaqin kishi mehnat qilmoqda.
Press-tur ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga “Oʻzbekkoʻmir” AJ mutasaddilari, masʼul xodimlar tomonidan javob va tushuntirishlar berildi.
Zulxumor AKBAROVA