Faollikning ikki oylik pasayishidan soʻng Oʻzbekiston avtomobil bozori ijobiy dinamikani koʻrsatdi. Aprel oyida savdo hajmi oʻtgan oyga nisbatan 17%ga oshib, deyarli 90 ming donani tashkil etdi.
Yengil avtomobil segmentidagi vaziyat
Aprel oyida yengil avtomobillar savdosi 20%ga oʻsib, 77 mingtadan oshdi.

Aksariyat hududlarda faollikning oʻsishi kuzatildi
Hududlar kesimida Sirdaryo viloyatida – 34%ga, Toshkent shahrida – 32%ga va Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 29%ga savdo hajmi sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
Yengil avtomobillarning birlamchi bozorida sotuvlar oʻtgan oyga nisbatan 15%ga oshib, 26 mingta avtomobilni tashkil etdi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar sotuvi 20,5 mingtani tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 4%ga oʻsdi.
Yangi xorijiy yengil avtomobillar segmenti ijobiy dinamikani namoyish etishda davom etmoqda, sotuvlar ikki baravar oʻsdi va umumiy savdo hajmi oyiga 5,3 ming donani tashkil etdi.

Yengil avtomobillarning ikkilamchi bozori sezilarli faollik koʻrsatdi
2025-yilning mart oyida sotuvlar hajmi 2%ga qisqargan foydalanilgan yengil avtomobillar bozoridagi faollikning biroz sekinlashuvidan soʻng, bozor aprel oyida kuchli tiklanishni koʻrsatdi. Savdolar 22%ga oshib, sotilgan avtomobillar soni 52 ming donaga yetdi.
Elektromobillar bozoridagi vaziyat
Aprel oyida elektromobillar sotuvi biroz pasayganiga qaramay – oʻtgan oyga nisbatan 10%ga – yillik hisobda avtomobil bozorining ushbu segmenti barqaror oʻsishni koʻrsatmoqda.
Shunday qilib, 2024-yilning apreliga nisbatan elektromobillar savdosi 37%ga oshgan.








