Noyabr oyida avtotransport vositalari savdosi 6 foizga oshdi

    Noyabr oyida avtotransport vositalarining barcha toifalari boʻyicha jami savdolar hajmi 101,1 ming donani tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga yuqori.

    Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM)ning Oʻzbekistonda avtomobil bozoridagi faollik boʻyicha tahlilida aytiladi.

    Hududlar kesimida barcha yengil avtomobillar savdosi oʻsish surʼati boʻyicha Toshkent shahri (+33,7%) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi (+8%) yetakchilik qildi.

    Birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi yillik hisobda 15 foizga oshdi, bu oʻtgan yilning noyabr oyiga nisbatan taxminan 4,4 ming donaga koʻpdir.

    Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar segmentida realizatsiya hajmi taxminan 30 ming donani tashkil etib, yillik hisobda 13,6 foizga oʻsdi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 5 ming donaga yaqin boʻlib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 22,5 foizga yuqori qayd etildi.

    Ikkilamchi avtomobil bozorida noyabr oyida taxminan 52 mingta foydalanilgan yengil avtomobil realizatsiya qilindi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga kam.

    Shu bilan birga, poytaxtda foydalanilgan avtomobillar savdosi 1,4 barobarga oshdi va oʻtgan yil noyabriga nisbatan 3,4 mingtaga koʻp avtomobil sotildi. Bundan tashqari, ikkilamchi bozorda elektromobillar realizatsiyasi yillik hisobda 1,8 barobarga oʻsdi.