Markaziy dispetcherlik boshqarmasi real vaqt rejimida mamlakatni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlash bilan bogʻliq barcha jarayonlarni kuzatish va nazorat qilish imkonini beradi. Yaʼni uning yordamida “zangori yoqilgʻi” ishlab chiqaruvchidan isteʼmolchiga qanday yetkazib berilayotganini kuzatish mumkin.

“Aqlli hisoblagichlar”ning oʻrnatilishi esa energiya nazoratida ishonchli hisob yuritilishi, sarf-xarajatlarni aniqlashning asosiy koʻrsatkichi sanalib, ortiqcha yoʻqotishlarni oldini olishga xizmat qiladi.

— Barcha hududlarda zamonaviy hisoblagichlarning oʻrnatilishi xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va tabiiy gazni isteʼmolchilarga xavfsiz yetkazib berishni taʼminlashga imkon yaratdi, — deydi “Hududgaztaʼminot” AJ raisi Bahodir Eshmuratov. — Bundan tashqari, turar joylarda gaz sizib chiqishi bilan bogʻliq favqulodda hodisalar holatlari bir necha baravar kamaydi. Zamonaviy tizimning qoʻllanilishi natijasida soha xodimlarining ham kattagina muammosiga yechim topildi. Bir yil avval qarzdorlik masalasini hal qilish, hisoblagichlar koʻrsatishlarini solishtirish va qarzlarni toʻlattirish uchun har oyda uch mingdan ortiq inspektorlar 3,5 milliondan ziyod uy xoʻjaliklarini aylanib chiqishga majbur boʻlishardi. Endilikda esa har bir abonent gaz hisobi boʻyicha barcha maʼlumotlarni oʻzining mobil telefoni orqali qabul qiladi va yoqilgʻi uchun toʻlovlarni kunning har qanday vaqtida mobil ilovalar orqali toʻlab boradi. Agar abonent toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmasa, avtomatik rejimda gaz taʼminoti tizimidan uzib qoʻyiladi.

Bugungi kunda tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi bilan 2 milliondan ortiq abonentlar qamrab olingan. Inson omili taʼsirining kamayishi va tabiiy gaz isteʼmolining hajmlari boʻyicha toʻlov pullarini yigʻish avtomatlashtirilgani tufayli korrupsiya koʻrinishlari va haqiqiy maʼlumotlarni yashirish holatlariga barham berilmoqda.

Feruza JOʻRAYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri