Tegishli bayonot 22-yanvar, payshanba kuni AQSh Sog'liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi veb-saytida e'lon qilindi. Bloomberg va Reuters xabarlariga ko'ra, AQSh hukumati tashkilotga qariyb 260 million dollar qarzini to'lamagan. AP agentligi qarzning miqdori 130 million dollardan ortiq, deb baholamoqda.
Xususan, AQSh tomoni JSSTdan chiqishini “tashkilotning Xitoyning Uxan shahrida boshlangan COVID-19 pandemiyasiga yetarlicha reaksiya ko'rsata olmagani, shoshilinch zarur islohotlarni amalga oshirmaganligi va JSST a'zo davlatlarining ortiqcha siyosiy ta'siridan mustaqilligini namoyish eta olmaganligi” bilan izohladi, deb xabar berdi dw.com.
AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakatning JSSTdan chiqish niyatini e'lon qiluvchi farmonni 2025-yil 20-yanvarda – Oq uyga qaytganidan keyingi birinchi kuni imzoladi. Reuters va Bloomberg agentliklari tashkilotdan chiqishning bir yildan keyin yakunlanishini AQSh qonuniy talablari bilan bog'lamoqda: bunday rejalar haqida 12 oy oldin xabar berilishi kerak. Agentliklarning ta'kidlashicha, qonun barcha to'lanmagan to'lovlarni ham to'lashni talab qiladi.