Mazkur nashrda har yili 187 davlat va hudud, jumladan, AQShning ham, hukumatlar tomonidan odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash yuzasidan olib borayotgan saʼy-harakatlari aks ettiriladi. Mamlakatlar Palerma protokolining “uch P”ni kuzatadigan minimal standartlari (odam sotish bilan shugʻullanuvchilarni jinoiy taʼqib qilish, odam savdosi qurbonlarini himoya qilish va odam savdosining oldini olish) boʻyicha baholanadi.
Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga barham berishga, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur holat hisobotda ham keltirilib, Oʻzbekiston kuzatuv roʻyxati (Tier 2 Watch List) dagi mamlakatlarning ikkinchi darajasida boʻlishiga qaramasdan, yurtimizdagi ijobiy yangilanishlar va hukumat tomonidan vaziyatni oʻzgartirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
"Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda hukumatlar xalqni paxta sanoati va boshqa sohalarda ishlashga majbur qilishi uzoq tarixga ega. Oʻzbekistonning ushbu muammoni hal etish borasidagi saʼy-harakatlari mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun yangi standartlarni oʻrnatmoqda", – dedi taqdimot chogʻida Davlat kotibi.
2019-yilda fuqarolik faollari bilan uchinchi tomon monitoringini olib borish, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan Milliy komissiyasi tuzildi.
Ushbu Milliy komissiya Senat raisi rahbarligida tashkil etilgan boʻlib, uning natijasida profilaktika ishlari kuchaytirildi. Mazkur komissiya, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda Ichki ishlar vaziri raisligidagi 2 ta majburiy mehnatga qarshi kurashish va odam savdosiga qarshi kurashish quyi komissiyalaridan iborat.
Majburiy mehnatga barham berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga maʼmuriy javobgarlikni kuchaytiruvchi hamda jinoiy javobgarlikni belgilovchi normalar kiritildi. Maʼmuriy javobgarlik choralari bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha koʻpaytirilib (11 mln - 22 mln soʻmgacha), 2020-yildan boshlab bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini ham koʻzda tutuvchi jinoiy javobgarlik belgilandi.
Majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi qonunchilik hujjatlarini amalda keng tatbiq qilish boʻyicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2 779 ta tashkilot, korxona, muassasa va fermer xoʻjaliklarida xodimlarni mehnatga majburiy jalb etish holatlarini oʻrganish ishlar olib borildi.
2019-yil davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan 259 nafar (shundan 118 ta holat paxta yigʻim-terimi mavsumi bilan bogʻliq, 18 nafari tuman, shahar hokimlari va ularning oʻrinbosarlari) va ish haqlarini oʻz vaqtida bermagan hamda zarur mehnat sharoitlari yaratmagan 56 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.
2020-yilning 5 oyi davomida jami 28 ta holatda fuqarolar majburiy ravishda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga jalb etilgan boʻlib, shundan Toshkent viloyatida 6 ta, Andijon viloyati 3 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ta va Samarqand viloyatida 2 ta holatlar aniqlangan. Majburiy mehnatgajalb qilganligi sababli mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.
Majburiy mehnatga qarshi kurashning tezkor hamda markazlashgan mexanizmini joriy etish maqsadida fuqarolar tomonidan kelib tushadigan murojaatlarni tezkorlik bilan roʻyxatga oluvchi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “1176” raqamli ishonch telefoni, www.dmi.mehnat.uz sayti, “mehnathuquqbot” telegram boti tashkil qilindi.
Yuqorida sanab oʻtilgan tarmoqlar orqali murojaatlarni koʻrib chiqishning eʼtiborli jihati shundaki, xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida majburiy mehnat holatlari guvohi boʻlgan yoki uning qurboniga aylangan murojaatchining talabiga binoan muallif toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi.
Shuningdek, 2019-yilda yuqorida taʼkidlangan tarmoqlar orqali majburiy mehnat bilan bogʻliq jami 1 282 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 609 tasi paxta va boshqa qishloq xoʻjaligi ishlariga, 384 tasi obodonlashtirish ishlariga, 228 tasi qurilish, taʼmirlash ishlariga va 61 tasi navbatchilikka jalb qilish bilan bogʻliq masalalarga oiddir.
Barcha murojaatlar boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazilib, fuqarolarni buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, tegishli tushuntirish va maslahatlar berilgan.
Xalqaro mehnat normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha ishlar davom ettirildi – XMTning 4 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi (“Uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisida”gi 144-sonli, “Qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi 129-sonli, “Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi 81-sonli konvensiyalar va “Majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnoma). Ushbu konvetsiyalarning amalga oshirilishida mutasaddi davlat organi hisoblangan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi konvetsiyalarga Oʻzbekistonning qoʻshilishi boʻyicha qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oliy Majlisga kiritish boʻyicha asosiy tashabbuskor organ vazifasini ham bajardi.
Majburiy mehnatga barham berish boʻyicha fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik yoʻlga quyilgan. 2019-yil paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkilotining loyihasi bilan birgalikda birinchi bor mustaqil fuqarolik jamiyati faollari ishtirokida monitoring oʻtkazildi. Ularga paxta dalalariga erkin va toʻsiqlarsiz kirish imkoniyati berildi, korxona tashkilotlarga hamda paxta dalalariga kirish huquqini beruvchi beyjdiklar tarqatildi.
Huquq himoyachilari murojaatlari Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan tezkor ravishda oʻrganilib, tasdiqlangan faktlar boʻyicha choralar qoʻllanilgan.
Oʻtgan davr mobaynida majburiy mehnat uchun javobgarlik choralari hamda xalqaro normalar va milliy qonunchilik boʻyicha fuqarolarning huquqiy ongini va mansabdor shaxslarni masʼuliyatini oshirish maqsadida joylarda jami 587 dan ortiq seminar-treninglar va davra suhbatlari oʻtkazildi.
Aholini majburiy mehnatning salbiy omillari toʻgʻrisida xabardorligini oshirish sohasida televideniyada 49-marta, radioda 43-marta, gazeta-jurnallarda 106-marta, ijtimoiy tarmoqlarda 282-marta targʻibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirilib chop etilgan “Majburiy mehnatdan ogoh boʻling!” nomli huquqiy-uslubiy qoʻllanma 100 ming dona miqdorida koʻpaytirilib, ish beruvchilar va xodimlarning majburiy mehnat toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirish maqsadida respublikaning barcha mahalla fuqarolar yigʻinlariga va ish beruvchilarga tarqatildi.
Oʻzbekistonda majburiy mehnat bilan olib borilayotgan ijobiy natijalar dunyoning 50 dan ortiq nufuzli axborot vositalarida nashr etildi.
Bular “Reutrs” (Buyuk britaniya), “Thomson Reuters Foundation News” (AQSh), “The New York Times”, “The Diplomat” (Yaponiya, AQSh), “Yahoo! News” (AQSh), “Frans Press” (Fransiya), “Metro International” (Shvetsiya), “Al Jazeera” (Qatar), “Sharenet” (YUAR), “Devdiscourse” (Indiya) va boshqalar.
Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSh davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda, odam savdosi va majburiy mehnat sohasida Oʻzbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan ham salmoqli ishlar qilingan boʻlib, mazkur yoʻl xarita 33 ta boʻlimdan iborat, aynan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 23 ta boʻlimi tegishli boʻlib, mazkur bandlarning ijrosi mutasaddi vazirlik va idora tashkilotlar bilan hamkorlikda taʼminlanib kelinmoqda.
Hukumat paxta terimiga fuqarolarni safarbar qilishni kamaytirish va dalalarda bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlash, shu jumladan paxta teruvchilarining ish haqini oshirish, XMT bilan hamkorlikda xabardorlikni kuchaytirish kampaniyalari, shuningdek, joylardagi mansabdor shaxslar va masʼullarni majburiy mehnatdan foydalanganligi uchun jazolash boʻyicha choralar koʻrishda davom etmoqda.
Vaziyatni tahlil qilish bilan bir qatorda, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo odam savdosi boʻyicha yillik hisobotida AQSh milliy qonunchiligining eksterritorial qoʻllanilishiga binoan Oʻzbekistonni keyingi toifaga oʻtkazish boʻyicha asosiy tavsiyalar keltirilgan (Trafficking Victims Protection Act TVPA). Ular orasida:
* fuqarolarga kasbiy majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishni rad etish “huquqi” toʻgʻrisida xabardor qilish boʻyicha tadbirlarni davom ettirish,
* qonuniy tartib va qonunchilikka rioya qilish,
* odam savdosi bilan bogʻliq tergovlar sonini koʻpaytirish,
* odam savdosi jabrlanuvchilarini, shu jumladan xalqaro sheriklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan shaxslarni aniqlash uchun tizimli va profilaktika ishlarini joriy etish,
* huquqni muhofaza qilish organlari bilan odam savdosi holatlarni lozim darajada olib borish va odam savdosining yashirin qurbonlarini rasmiy ravishda aniqlash va uslarga yordam berish usullari boʻyicha ishlashni davom ettirish,
* qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha milliy harakat rejasini amalga oshirishni davom ettirish,
* davlat boshpanalariga qabul qilinmagan jabrdiydalarga yordam va boshpana beradigan NNTlarning roli va ishtirokini kuchaytirish,
* Jinoyat kodeksiga odam savdosi qurbonlarining shaxsini aniqlash va himoya qilish oʻzgartirish kiritish boʻyicha loyihasini qabul qilish,
* Bandlik agentliklarini nazorat qilish va ishga yollash boʻyicha toʻlovni potensial ishlovchilar tomonidan emas, balki ish beruvchilar tomonidan toʻlanishi kerak.
Taʼkidlash joizki, yuqoridagi tavsiyalar eʼlon qilishidan ancha oldin mazkur yoʻnalishlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekistonning milliy manfaatlari va rivojlanish strategiyasidan kelib chiqib, boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda tizimli ish olib bormoqda.
Masalan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijda ishga joylashish uchun xizmat haqini fuqarolardan emas, balki ish beruvchilardan olish boʻyicha “Xususiy badndik agentliklari toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirishlar joriy yil may oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov yaqinda OAVga bergan intervyusida taʼkidlab oʻtgan.
Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklari masʼuliyatini oshirish hamda ularning faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga, xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida kiritildi.
Barchamiz bir natija – yurtimizda majburiy mehnatni toʻliq tugatish uchun kurashmoqdamiz. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu yoʻnalishda tizimli ishlarni keng koʻlamda olib borishni davom ettiradi.