Tashrif avvalida elchini Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev qabul qildi. Oʻzaro muloqotda viloyat rahbari Sirdaryo viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish jarayonlari hamda “Sardoba” suv omborida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar, qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar xususida atroflicha toʻxtaldi.

Muloqot davomida Gʻofurjon Mirzayev AQSH hukumati tomonidan Sardoba suv ombori qisman oʻpirilishi natijasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlab, koʻmak koʻrsatgani uchun chin dildan minnadorilik bildirdi.

Viloyat hokimi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona va yaqin munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining AQSHga rasmiy tashrifidan soʻng prinsipial jihatdan yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.

Oʻz navbatida elchisi Deniyel Rozenblyum viloyat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etdi.

– Men Oʻzbekistonning turli viloyatlariga buyurib turaman. Bu gal oʻziga xos, kundan-kunga yangilanayotgan, meʼmoriy mohiyatida tarix va bugunni uygʻunlashtirgan Sirdaryoga tashrifim davomida hududdagi oʻzgarishlarni koʻrishni maqsad qilgan edim, – dedi Deniyel Rozenblyum. – Siz bilan suhbatlashib, Sirdaryo haqiqatan ham mamlakatning iqtisodiy rivojlanish, maʼnaviy yuksalish manzillaridan biri sifatida namuna boʻlayotganligiga amin boʻldim.

Uchrashuv yakunida AQSH elchixonasi va Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tayyorlangan esdalik sovgʻalari almashinildi.

Rasmiy doiradagi uchrashuvdan soʻng mehmon Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining Sirdaryo viloyat boʻlimi faoliyati bilan ham tanishdi. Markazda tashkil etilgan uchrashuvda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi rejalar, yirik loyhalari xususida batafsil maʼlumot berildi.

Maʼlumot uchun. Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining Sirdaryo viloyati boʻlimi 2018-yilning noyabr oyida faoliyatini boshlagan. INL loyihasi doirasida Sirdaryo viloyati hududida odam savdosi hamda zoʻravonlikning boshqa koʻrinishlariga qarshi kurashish boʻyicha faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 2018-yildan hozirgi kunga qadar boʻlimning “Dolzarb aloqa tarmogʻi"ga 2400 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar boʻyicha 300 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy yordam koʻrsatilgan va maslahatlar berilgan. Shu jumladan, xorijiy davlatlarda qiyin ahvolga tushib qolgan 21 nafar hamyurtimizning Vatanga qaytishida amaliy yordam berilgan.

Bundan tashqari, markaz odam savdosiga qarshi kurash doirasida turli davlat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish hamda xuquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati