AQSH kompaniyalari Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi

    Energetika 19 Oktabr 2022 1284

    2022-yil 18-oktyabrda Oʻzbekiston Energetika vaziri J.Mirzamahmudov AQSH savdo vaziri oʻrinbosari Maris Lago boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Oʻzbekiston tomoni “yashil” energetikani rivojlantirish va uglerod neytralligiga erishish rejalarini taqdim etdi. 2030-yilga borib, mamlakat elektr energiyasining kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, jumladan 7 GVt quyosh va 5 GVt shamol energiyasidan ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

    Gidroenergetikani rivojlantirish uchun 142 ta potensial obyektlar oʻrganilib, 54 ta loyiha belgilandi. Shuningdek, quvvati 500 kVt gacha boʻlgan mikro GESlar qurish boʻyicha 200 ta loyiha amalga oshiriladi.

    Energetika vazirligi AQSH kompaniyalarining OTB, XMK, YETTB kabi nufuzli Xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagida oʻtkaziladigan elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha tenderlarda faol ishtirok etib borishini eʼtirof etadi.

    Tomonlar, shuningdek, AQSH ijobiy tajriba toʻplagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

    AQSH kompaniyalarining Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotgani “Air Products” loyihalari misolida qayd etildi. Bundan tashqari, “GE”, “Schlumberger”, “Honeywell UOP” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik ishlari olib borilyapti. Yirik energetika loyihalari uchun maslahat xizmatlari “DeGolyer & MacNaughton” kabi “SA” konsalting kompaniyalari tomonidan taqdim etiladi.

    Tomonlar hamkorlikning ushbu va boshqa yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, ularni yanada batafsil oʻrganish va mutaxassislar darajasida doimiy aloqa oʻrnatishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.