Peshko' tumanida Amerika Qo'shma Shtatlarining "Trigon International INC" xorijiy kompaniyasi ilg'or texnologiyalardan foydalangan holda kannabis navlarini yetishtirish va ko'paytirish, ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, savdo firmasini ochish, xavfsizlik va transport infratuzilmasini ta'minlash, kannabis navlaridan talab yuqori bo'lgan zamonaviy tibbiy dori-darmon vositalari ishlab chiqaruvchi klasterni barpo etish va sarmoya kiritish maqsadini bildirgan.
Xorijiy kompaniya mamlakatimizdagi so'nggi iqtisodiy o'zgarishlarni, xususan, kannabis dori vositalarining farmatsevtika sanoatini rivojlantirishdagi istiqboli va ko'p yillik tajribasini inobatga olib, mahalliy iqlim sharoitini o'rgangan holda kiymati 250 million AQSH dollariga teng investitsion loyihani ro'yobga chiqarish taraddudida.
Muzokaralar mobaynida investorning to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyasi hisobidan tarkibida tsellyuloza mavjud bo'lgan ekinlar (texnik) kanop Agrosanoat klasteriga asos solib, xom ashyoni chuqur qayta ishlash va undan raqobatbardosh, eksportbop texnik yog', gaz va biodizel` mahsulotini ishlab chiqarish natijasida 500 dan ortiq yangi ish o'rnini yaratilishi kafolatlanmoqda.
"Trigon international INC” xorijiy kompaniyasi mutasaddilari global narx-navoga nisbatan raqobatbardosh narxlarni ko'zda tutib, loyihani aynan Buxoroda, Peshko' tumanida tatbiq etilishidagi imkoniyatlar xususida to'xtalib o'tdilar. Shu bois yetishtiriladigan tibbiy kannabis mahsulotini Yevropa hamda boshqa mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshsa, bunda yiliga 16 ming litr yog'-moy ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Shu bois kannabis o'simligiga ishlov beruvchi mutaxassis––ilmiy xodimlar, agronomlar, farmatsevtlar, laboratoriya xodimlari, ferma menedjerlari va boshka qator mutaxassisliklar bo'yicha jamoa shakllantiriladi. Bu esa tumanda ishsiz aholi vakillarining bandligini ta'minlash omili hamdir.
AQSH ning "Trigon International INC" xorijiy kompaniyasi rahbariyatining onlayn tartibda Peshko' tumani hokimining birinchi o'rinbosari Shoxrux Amonov bilan videokonferentsaloqa tarzida bo'lib o'tgan muloqotida loyihani tezroq ro'yobga chiqarish, u bilan bog'liq tayyorgarlik ishlarini yakunlash, jumladan, mahalliy hamkor “Special Elektrical Mechanical Contrasting” MCHJ bilan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish lozimligi e'tirof qilindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati