Hujjatda prezident Sh.Mirziyoyev islohotlari dasturining ahamiyati taʼkidlanib, inson huquqlari, soʻz va OAV erkinligi, din erkinligini taʼminlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi choralarni ilgari surish bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanishi olqishlanadi.

Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda iqtisodiy yetakchi davlat sifatida oʻrni tobora oshib borayotgani taʼkidlanib, uning Afgʻonistondagi mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha saʼy-harakatlari yuqori baholanmoqda.

Hozirgacha rezolyutsiyani 10 nafar kongressmen qoʻllab-quvvatlagan. Iyun oyining oʻrtalariga kelib hujjat AQSH Vakillar palatasida qabul qilish uchun yetarli ovoz toʻplashi kutilmoqda. Hujjatning qabul qilinishi Oʻzbekiston Mustaqilligining 30 yilligi va buni AQSH tan olganligining 30 yilligiga ramziy maʼno beradi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil noyabr oyida Oʻzbekiston va AQSH muntazam aloqalar formatini strategik sheriklik muloqoti darajasiga koʻtarishga qaror qilgan edi. Yangi formatdagi birinchi uchrashuvni iyun oxiriga qadar Toshkentda oʻtkazish rejalashtirilgan.