Suhbat chogʻida Amerika tomoniga Oʻzbekiston qonunchiligidagi soʻnggi oʻzgarishlar hamda majburiy mehnatning oldini olish va unga toʻliq barham berishga qaratilgan huquqni qoʻllash choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan holda paxta terimi davrida majburiy mehnatni monitoring qilish mexanizmlarini samarali tatbiq etish, munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) huquqiy hujjatlarini implementatsiya qilish haqida alohida qayd etildi.

T.Li soʻnggi yillarda Oʻzbekiston majburiy mehnatga barham berish sohasida katta yutuqlarga erishganini taʼkidlab, respublikaning XMT bilan birgalikda munosib mehnat dasturi va uch tomonlama hamkorlik mexanizmlarini amalga oshirishni davom ettirish boʻyicha rejalarini olqishladi. Amerika tomoni fuqarolik jamiyati institutlarini monitoring jarayoniga jalb etish kengaytirilgani, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarning XMT konvensiyalariga muvofiqligini tekshirish amaliyoti joriy etilganini ham yuqori baholadi.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro brendlar ishonchini mustahkamlash va masʼuliyatli mahsulot yetkazib beruvchilarni tanlashda mamlakat raqobatbardoshligini taʼminlash uchun mustaqil kasaba uyushmalarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuvda AQSH Mehnat vazirligining 2 million dollarlik “Oʻzbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish” loyihasining amalga oshirilishi ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mazkur loyiha mehnatkashlarning (kasaba uyushmalari tashkilotlari) jamoaviy huquqlarini mustahkamlash, mahalliy paxta sanoati korxonalarida xalqaro mehnat standartlariga muvofiq tadbirkorlik va mehnat munosabatlari qoidalariga rioya etilishini va lozim darajadagi korporativ boshqaruvni taʼminlash imkonini berishi bilan alohida ahamiyatga ega.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha inson huquqlarini hurmat qilgan holda mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish, aholi bandligini taʼminlash, shuningdek, munosib mehnat sharoitlarini yaratish sohasida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan doimiy aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.