Uchrashuvda Amerika tomon Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi faoliyati bilan batafsil tanishtirildi.

Respublika komissiyasi qisqa vaqt ichida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, gender tenglik, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni ishga joylashtirish, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlarni amalga oshirdi.

Oq uy vakili Oʻzbekistonning gender tenglikni taʼminlash, qaror qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning rolini kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, taʼlim olish va kasbiy bilimlarni rivojlantirish imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Iqtisodiy imkoniyatlar, shu jumladan ayollar tadbirkorligi va kasanachiligini kengaytirish boʻyicha tashabbuslarning muhimligi alohida taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, R.Fogelshteyn Oʻzbekistonning Gender tenglikni taʼminlash strategiyasi va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat tomonidan moliyalashtiriladigan milliy dasturlar qabul qilinganini olqishladi.

Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini gender ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti, gender byudjetlashtirishni joriy etish va gender statistikasini yuritish jarayoni muhokama qilindi. Maslahatchi Oʻzbekistonda gender zoʻravonlikka qarshi kurashishga qaratilgan qonunlar qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladi va bu masala Prezident J.Bayden hamda vitse-prezident K.Xarrisning alohida diqqat markazida ekanligini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, Davlat departamentining Xotin-qizlarning global ishlari boʻyicha idorasi direktori K.Fatovat ham AQSH Oʻzbekistonning gender siyosatini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqchi ekanini tasdiqladi. U ayniqsa qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish mumkinligini taʼkidladi.

Ayniqsa, qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish orqali “xotin-qizlar va iqlim oʻzgarishi” kun tartibi doirasida Orolboʻyi mintaqasida ayollar salomatligini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar istiqbol ekanligi qayd etildi.

Gender kun tartibini “C5+1” muloqot formatida birgalikda targʻib etishdan manfaatdorligiga urgʻu berib, Davlat departamenti vakili Oʻzbekistonda “C5+1” ayollar biznes-forumini AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi va ishbilarmon ayollari ishtirokida oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.