Ushbu qarorga Donald Tramp tarafdorlari Vashingtonda namoyishga chiqib, Kongress qarorgohi – Kapitoliy yonidagi maydonda ommaviy tartibsizlik keltirib chiqargan bir vaqtda boʻlib oʻtgan muhokama chogʻi kelindi.

Xabarlarda aytilishicha, namoyishchilarning bir qismi Kapitoliy binosi ichiga kirib borgan. Oʻtochar quroldan uzilgan oʻqdan ayol kishi halok boʻlgan. Voqea davomida yana uch kishi qurbon boʻlgani, lekin ularning oʻlimiga tartibsizlik sabab boʻlmagani taʼkidlanyapti.

Saylovchilar ovozining kongress tomonidan tasdiqlanishi prezident saylovi boʻyicha bahs-munozaralarga yakuniy nuqta qoʻyadi. Endi hech bir tarafda konstitutsiyaga tayanib daʼvo qoʻzgʻatish huquqi qolmadi. Bu esa demokrat Jo Bayden AQSH prezidenti saylovida uzil-kesil gʻalaba qildi, degani.