Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi bergan maʼlumotlarga koʻra, kecha Amerika poytaxtida mamlakat mustaqilligining 29 yilligiga tayyorgarlik doirasida oʻzbek raqs sanʼatini oʻrganish boʻyicha ikki haftalik dastur - “Silk Road Dance Camp 2020” ish boshladi, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda AQSHning 10 shtati vakillari ishtirok etmoqda. Bularga Virjiniya, Kaliforniya, Kentukki, Kolorado, luiziana, Massachutes, merilend, Ogayo, Kolumbiya okrugi va Florida kabi mintaqalar kiradi.
“Silk Road Dance Camp 2020” dasturidan mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasiga virtual sayohat, oʻzbek raqsi tarixi boʻyicha qator maʼruzalar, oʻzbek palovini tayyorlash boʻyicha namoyish, Xorazm va Buxoro raqslarini oʻrgatish boʻyicha mashgʻulotlar, Oʻzbekistonning tarixi va madaniyatidan hikoya qiluvchi koʻrgazmalar va Tamara xonimning memorial muzeyiga sayohat kabi tadbirlar oʻrin olgan.
Ushbu dasturning amerikalik hammuallifi xalqaro miqyosdagi taniqli olim, “Ipak yoʻli raqsi” kompaniyasi rahbari Laurel Greydir. U 1984-yilda Oʻzbekiston raqs va madaniyat jamiyatiga, 1994-yilda esa Markaziy Osiyo raqslar legariga asos solgan. Laurel Grey 1999-yilda eng yaxshi etnik raqqosa nominatsiyasi boʻyicha eʼtirof etilgan boʻlsa, 2003-yilda eng yaxshi xoreografiya boʻyicha xalqaro mukofotga sazovor boʻlgan.
Amerikalik olim Oʻzbekistonga oʻn toʻrt marta tashrif buyurgan, u yerda ikki yil davomida Toshkentdagi Davlat akademik katta teatri taklifiga binoan yashagan va oʻn martadan koʻproq televizion raqs dasturlarida ishtirok etgan. Shuningdek, u “Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatri” (1993 y), “Sharq taronalari” (1997 y), “Raqs sehri” (2018 y) kabi festivallarda hakamlar hayʼati aʼzosi boʻlgan.
Taniqli ijrochilarimizning mahoratini namoyon etadigan dastur saboqlariga Oʻzbekiston xalq artisti Qodir Moʻminov ham jalb qilindi.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yilda elchixonada tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston xalq artisti Qizlarxon Doʻstmuhamedova ishtirok etgan.