AQSHga noqonuniy yoʻllar bilan ketgan 119 nafar oʻzbekistonlik vatanga qaytarildi

    Ijtimoiy hayot 21 Dekabr 2023 809

    AQSHga noqonuniy kirishga uringan 120 ga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi vataniga qaytarildi. Fuqarolarning aksariyati Meksika orqali chegarani kesib oʻtishga harakat qilgan. “Ikki−uch yilda topganimizni 3 oyda berib keldik”, — deydi ulardan biri.

    AQSH hukumati mamlakatga noqonuniy kirib kelgan 119 nafar Oʻzbekiston fuqarosini vataniga qaytardi. Bu haqda Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgan oʻzbekistonliklarni kutib olgan UzReport telekanali xabar berdi. Video Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Telegram kanalida eʼlon qilindi.

    Kelganlardan birining soʻzlariga koʻra, u doʻsti bilan savdo doʻkonida yuk tashuvchi boʻlib ishlash va oyiga 10−12 ming dollar pul topish uchun ketgan. Biroq ikki−uch yilda topgan pulini uch oyda sarflab kelgan.

    “3-sentyabr kuni qamoqxonaga kirgandik, 110 kun ushlab turib, mana shu bugun keldik. Oʻzi boʻlmadi, u yerda non yemas ekan, bizlar esa nonni yaxshi koʻramiz, non berishmadi. Ular ovqatni, hamma narsani qovurib emas, qaynatib yerkan. Shu qiyinchiliklarni koʻrib keldik”, — dedi fuqarolardan biri.

    U Meksikaga qadar 30 kun yoʻl bosib oʻtgan. Amerikaga oʻtkazib qoʻyish uchun undan 5 ming dollar soʻrashgan.

    “Mablagʻimning ozrogʻi qarz, qolgani oʻzimdan edi. Shularning oʻrnini toʻldiramiz, deb ishlashga borgandik. Nikaragua va Meksikadan oʻtkazib, Amerikaga kirgizib qoʻyish 5 ming dollar ekan. Qiyinchiliklar boʻldi: militsiya toʻxtatdi. Qaytaraman, deport qilaman deganda yonimizdan xarajat qildik. 1,5−2 ming dollar berdik. Aytganimdek, Amerika qamoqxonasiga kimdir bordimi, uni oʻzbekchasiga aytganda qorovullarga, «oxrannik”larga topshiradi. Ular esa men qorovulman, hech narsani bilmayman, meni vazifam seni xavfsizligingni taʼminlash, [qolganini] IC (Amerika Qoʻshma Shtatlari Razvedka jamiyati — tahr.) xodimlari hal qiladi, deydi. Bir haftada bir marta telefonda gaplashishga 10 minut vaqt beradi» — dedi erkak.

    Yana bir oʻzbekistonlik toʻrt oy davomida Amerika qamoqxonasida saqlangan. U AQSHda oshpazlik qilmoqchi boʻlgan.

    “18 ming [dollar]ga quydim. Toʻrt oy Amerikaning turmasida yotdim. Qiyinchiliklar yoʻq, lekin farzandlaringiz bilan gaplasha olmaysiz, ularni koʻrolmaysiz. Yarim yil yoʻlda yurdim”, — dedi u.

    Boshqa bir fuqaro u yerda ish topish qiyin ekanini, hatto, 3−4 oylab ishsiz qolib ketayotgan ayollar borligini aytgan. Uning maʼlum qilishicha, Amerikada, asosan, Markaziy Osiyo fuqarolari uchun reydlar boshlangan.

    “Hujjati yoʻqlar, hujjat qilmasdan ishlayotgan ayollar, ichgan holda mashina haydayotganlarni ushlayapti. Eshitganim, ketganlarni ikki, uch oylab qamoqda ushlab oʻtiradi. Keyin Amerikaga kirgizmasdan, deportatsiya qilib yuborishyapti”, — dedi u.