Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Marhamat tumanida yashovchi, 1997-y.t. shaxs Asaka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika davlati orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborish evaziga 19 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 15 ming AQSH dollaridan 6 ming AQSH dollarini olgan vaqtida mazkur noqonuniy ishga aloqador boʻlgan, Marhamat tumanida yashovchi, 1992-y.t. fuqaro ham qoʻlga olindi.
DXX Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida yashovchi, 1997-y.t. shaxs Nurota tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika orqali Qoʻshma Shtatlarga yuborish evaziga 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Jizzax shahrida yashovchi, 1998-y.t. shaxs 15 ming AQSH dollari evaziga Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 12 ming AQSH dollari va 6 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Bektemir tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent viloyatining Angren shahrida yashovchi, 1990-y.t. ayol Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga viza va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, uni “Turkiya-Nikaragua-Meksika” yoʻnalishi orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 9 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.