Jumladan, Arizona shtatida oʻtkazilgan siyosiy tadbirda Tuson, Feniks, Mesa va Tempa shaharlarida, shuningdek, qoʻshni shtatlarda doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarimiz faol ishtirok etdilar.

Ovoz berish jarayonida ishtirok etayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari oʻz fuqarolik burchlarini amalga oshirishda alohida jonbozlik koʻrsatib, mamlakatimiz kelajagiga beeʼtibor emasliklarini namoyon etdilar.

Florida shtatining Orlando shahrida tashkil etilgan ovoz berish jarayonlarida ushbu parlament saylovlarining majoritar va proporsional tizim asosida oʻtkazilishi, siyosiy partiyalar samaradorligini oshirishga, mamlakatimizda demokratik institutlar rolini yanada mustahkamlashga keng imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.

Saylovda muddatidan oldin ovoz bergan vatandoshlarimiz bu kabi siyosiy tadbirlar yurtdoshlarimizni yanada jipslashtirish, xalqimizning urf-odati va tarixiy merosini yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish, yosh avlodni ona yurtiga boʻlgan his tuygʻularini oshirish hamda yurtimizning boy ilmiy va maʼnaviy merosini Amerikada keng yoyishga xizmat qilishini bildirdilar.

Merilend shtatining Payksvil shahrida Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonida fuqarolarimiz faol ishtirok etish orqali yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashlarini namoyon qildilar.

Virjiniya shtatining Feyrfaks shahrida tashkil etilgan muddatidan oldingi ovoz berishda ham vatandoshlar faol ishtirok etdilar.

Jorjiya shtatining Atlanta shahrida Oʻzbekiston parlamenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bilan birga madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Ishtirokchilarga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlar hamda xorijdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qoʻllab quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, yurtdoshlarimizga konsullik-huquqiy masalalar boʻyicha ham tegishli tavsiyalar bildirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.