Muloqotlar chogʻida oʻzbek tilining AQSHdagi nufuzini yana-da oshirish, oʻzbek tili taʼlimoti dasturlarini pandemiya sharoitida qoʻllab-quvvatlash, Ogayo davlat universiteti va boshqa mahalliy oliy oʻquv yurtlarida uning oʻqitilishini kengaytirish va mamlakatimizning boy madaniy merosini targʻib qilish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda xorijiy mamlakatlarda tilimizni oʻrganishga qiziqish ortib borilayotgani eʼtirof etildi.

Hozirgi kunda AQSHning Ogayo davlat universiteti eng yirik oʻzbek tili taʼlimi dasturiga ega boʻlib, yiliga 10-12 talabaga mamlakatimiz davlat tili oʻrgatiladi. Mazkur dastur doirasida shu kunga qadar 200 dan ortiq talaba oʻzbek tili kurslarini tamomlagan.

Aytish joiz, 1870-yil tashkil etilgan oliy oʻquv yurti akademik jihatdan AQSHning ijtimoiy-gumanitar fanlar taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha universitetlar reytingida 17 va jahonda 45-oʻrinni egallaydi. Shuningdek, universitet mamlakatdagi eng katta kutubxonalardan biriga ega boʻlib, 1 milliondan ortiq kitob fondiga ega. Bundan tashqari, Sharqiy Yevropa, Yevroosiyo va slavyanshunoslik sohalaridagi tadqiqotlar borasida ham nufuzli taʼlim maskanlaridan hisoblanadi.

Hozirgi kunga qadar universitetni tamomlaganlar orasidan ikki nafari va professor-oʻqituvchilardan ham ikki nafari Nobel mukofoti sovrindori boʻlgan. Yiliga 65 ming talaba tahsil oladigan oliy bilim dargohida jahonning turli mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan va yuqori natijalarga erishgan minglab davlat rasmiylari, yirik tadbirkor, mashhur sanʼatshunos olimlar tahsil olgan.

Qayd etish joiz, ayni paytda Ogayo davlat universitetida yiliga toʻrt bor oʻzbek tili kurslari tashkil qilinmoqda. Mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida kechayotgan tub oʻzgarish va islohotlar amerikalik yoshlarning davlat tilimizni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini yana-da oshirmoqda.

Bundan tashqari, Ogayo universitetida oʻzbek tilini oʻrgangan bitiruvchilar hozirgi kunda AQSH hukumatining turli idoralarida Yevroosiyo masalalari boʻyicha mutaxassis sifatida faoliyat olib boryapti.

Diplomatik vakolatxonamiz taʼkidlashicha, universitetda “Global may” dasturi joriy qilingan boʻlib, uning doirasida mazkur bilim yurti talabalari 4 hafta davomida maʼlum bir mamlakatga sayohat qilib, madaniyati va tilini yaqindan tadqiq qilib kelyapti. Taʼlim muassasasi 2021-yilgi dastur davomida oʻzbek tilini oʻrganayotgan bir guruh talabalarning mamlakatimizga safarini tashkil qilish rejasini ishlayapti.

Mazkur tashrif doirasida amerikalik vakillar mamlakatimiz boʻylab sayohat qilishi, turli tashkilot va universitetlarda boʻlib, maʼruza va ilmiy muhokamalar oʻtkazishi, koʻplab tengqurlari bilan tajriba almashishi koʻzda tutilgan.

Ushbu jarayondagi ishlarni faollashtirish maqsadida elchixonamiz va universitet maʼmuriyati hamkorlikda qisqa muddatli Oʻzbekistonga sayohat dasturini ishlab chiqishni rejalashtirgan. Ushbu tashrif oʻzbek tili yoki Markaziy Osiyo tarixi, madaniyati kurslarining kamida bitta bosqichini tamomlagan yoshlarga taklif qilinadi.

Uchrashuv yakunida, S.Levi va A.Brinlinger bilan hamkorlikda Ogayo universitetidagi oʻzbek tilini oʻrgatish dasturi nufuzini yana-da oshirish, unga jalb qilinayotgan talabalar koʻlamini kengaytirish va unda ishtirok etayotgan professor-oʻqituvchilar faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish maqsadida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib olindi.