“Argumentы i faktы” gazetasida yurtimiz turizm salohiyatini madh etuvchi maqola chop etildi

    OAV O‘zbеkiston haqida 21 Dekabr 2023 1309

    Rossiyaning ommabop “Argumentы i faktы” haftanomasi gazetasi veb-saytida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

    Sergey Zaysev qalamiga mansub ushbu maqola muqaddimasida Oʻzbekiston har yili koʻplab sayyohlarni jalb qilayotgani taʼkidlangan. Respublika nafaqat diqqatga sazovor joylarning oʻziga xos arxitekturasi tufayli, balki betakror anʼanalari va madaniyati uchun ham Sharq durdonasi deb ataladi, deyiladi nashrda.

    “2023-yilning oʻtgan yetti oyida Oʻzbekistonga 3,7 million xorijlik sayyohlik maqsadida kelgan. Mamlakatga kelgan mehmonlarning asosiy qismi Rossiya, Qozogʻiston va Tojikiston fuqarolari hissasiga toʻgʻri keladi, — deya qayd etilgan materialda. — Oʻzbekiston oʻzining boy tarixi, madaniyati va tabiiy diqqatga sazovor joylari bilan Markaziy Osiyodagi eng jozibali sayyohlik yoʻnalishidir”.

    Nashrda Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlari YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgani taʼkidlangan. Biroq, mamlakatning Toshkent, Qoʻqon, Andijon, Shahrisabz kabi shaharlariga ham tashrif buyurish uchun juda koʻp sabablar bor.

    “2019-yilda turizm sohani rivojlantirish va qulay sharoitlar yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi muhim hujjatlar qabul qilindi. Oʻsha yili davlat rahbarining tegishli farmoni imzolanib, unda 65 ta tadbirni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi, — maʼlum qilgan muallif.- Jumladan, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qiling” dasturini amalga oshirish jarayonida mahalliy sayyohlar sonini 12 milliondan, chet ellik sayyohlar sonini esa 9 milliondan oshirish rejalashtirilgan”.

    U, shuningdek, sayyohlar orasida eng mashhur shaharlardan biri — Samarqand haqidagi muhim maʼlumotlarni ham mushtariylar eʼtiboriga taqdim qilgan.

    “Samarqand mamlakatning ikkinchi yirik shahri. Uning arxitekturasida fors, turk va moʻgʻul uslublari elementlari mujassamlashgan. Keyingi yillarda bu yerda tarixiy obidalarni tiklash va asrab-avaylash boʻyicha juda koʻplab ishlari olib borildi. Shuningdek, yangi muzeylar, diqqatga sazovor joylar ochildi. 2021-yilda yangi aeroport, 2022-yilda esa “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasi foydalanishga topshirildi”,- deb yozgan Sergey Zaysev.

    “Argumentы i faktы” gazetasi saytida joylashtirilgan mazkur maqolada, shuningdek, Samarqandda shu yil Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi boʻlib oʻtgani, Fargʻona viloyati Rishton tumani va Xiva shahrining sayyohlik imkoniyatlari haqidagi muhim maʼlumotlar qalamga olingan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.