Mamlakatimizda jadal  sur'atlarda qurilish ishlari olib borilmoqda.  Kun sayin yangi ko'p qavatli binolar qad rostlamoqda, ularning ishonchliligi, chidamliligi va uzoq yillarga xizmat qilishi  esa binoning mustahkamligiga bog'liq. Shu sababli ularni qurishda yuqori sifatli  qurilish materiallardan foydalanish zarur.  Albatta, qurilishda  jumladan metall prokati – armaturaning alohida ahamiyati bor.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan armaturaning mexanik xususiyatlari va kimyoviy tarkibi sifatini aniqlash maqsadida ekspertiza o'tkazildi.

Sinov uchun quyidagi namunalar xarid qilindi:

  1. 1. A400 klassidagi 12 mm diametrli armatura namunasi“DIMAX sanoat-savdo ko’rgazma biznes markazi” MCHJ (Toshkent shahri, “Nazarbek” temir bozori) savdo majmuasidan. “AKRIL metall prokati”ga tegishli;
  2. A400 klassidagi 16 mm diametrli armatura namunasi“METALL CENTER” MCHJ (Toshkent shahri, “Izza” temir bozori) savdo majmuasidan. “Wang Da Group” MCHJ QKga tegishli;
  3. A400 klassidagi 12 mm diametrli armatura namunasi,“Jo'rabek Omad baraka” MCHJ (Toshkent shahri, Izza temir bozori) savdo majmuasidan. “WANGDA METAL” MCHJ QKga tegishli.
  4. A400 klassidagi 8 mm diametrli armatura namunasi, “TECHNOBUSINESS LUX” MCHJga qarashli savdo rastasidan(Sirdaryo viloyati) .“BAO XIN METALL” MCHJga tegishli.

Tanlangan sinov namunalari akkreditatsiyadan o'tgan laboratoriya mutaxassislari tomonidan “Temir-beton konstruktsiyalari uchun armatura”, “Metallurgiya mahsulotlari xavfsizligi to'g'risida”gi umumiy texnik reglamenti uchun”, “Qurilishda ishlatiladigan qora metallardan metallurgiya mahsulotlari xavfsizligi to'g'risida”gi maxsus texnik reglamentning GOST 34028-2016 talablariga muvofiqligi tekshirildi.

Kutilgan tahlil natijalari achinarli bo'lib, standart talablariga nomuvofiqligini ko'rsatdi. Ya'ni, metall prokati – armatura namunalari mexanik hamda kimyoviy xossalari belgilangan me'yorlarga javob bermadi. Bunda ayniqsa, kichik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan, qurilish maqsadlarida ishlatiladigan metall prokatida aniqlangan kamchiliklari ko'plab qurilish sifati va xavfsizligiga katta zarar etkazmoqda. Zero, quruvchilar tomonidan qad rostlagan  va foydalanishga topshirilgan  ko'p qavatli uy va inshootlar o'nlab yillar davomida mustahkam hamda xavfsiz maskan bo'lib xizmat qilishi kerak. Shuni ta'kidlash lozimki, ayrim hollarda korxonalar  o'z mahsulotlarini muvofiqlik sertifikatisiz sotayotgan holatlar ham bor.

Agentlik xavfsizlik va sifat talablariga javob bermaydigan armaturalarni sotishni taqiqlash masalasini ko'rib chiqish uchun O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga, shuningdek vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspektsiyasiga tegishli ma'lumotlarni yubordi. Inspektsiya tomonidan yuqorida ko'rsatilgan talablarga javob bermaydigan metall buyumlardan qurilish ob'ektlarida foydalanishni taqiqlash to'g'risida buyruq chiqarildi. Agentlik  tomonidan bu yo'nalishdagi o'rganishlar davom ettirilmoqda.