Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi "Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obektlari milliy ro'yxatini tasdiqlash to'g'risida"gi 846-qaroriga asosan madaniy meros obekti sifatida davlat muhofazasiga olingan respublika toifasidagi Uychi tumani, "Pastguzar" MFY, Beruniy ko'chasida joylashgan "Uychi manzilgohi (BT-3)" arxeologik yodgorlik bo'lishiga qaramay, tuman hokimining 2019 yil 6 apreldagi 1473-sonli qaroriga asosan fuqaro T. D. ga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun noqonuniy tarzda berib yuborilgan.
Joriy yilning aprel oyida T. D. mazkur tepalikni uzunasiga 53 metr, eniga 40 metr, balandligi 16 metr, jami 0.21,4 gektar maydonini texnika yordamida kavlab, madaniy meros obektini buzib, katta miqdorda zarar yetkazgan.
Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan holat o'rganilib, to'plangan hujjatlar Namangan viloyati prokuraturasiga qonuniy chora ko'rish uchun yuborildi. Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan Uychi tuman hokimligi mansabdor shaxslari hamda MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqida Madaniy meros agentligi xabar bermoqda.