Arxiv hujjatlarida Ikkinchi Jahon urushi davrida evakuatsiya qilingan bolalar taqdiri

    Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ortig‘i bolalar edi.

    1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ortigʻi halok boʻldi, 133 mingga yaqini bedarak yoʻqoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qaytdi.

    Oʻsha gʻoyat ogʻir va suronli davrda yurtimiz frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylandi, bu yerdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirilib, ularning faoliyati front ehtiyojlari uchun yoʻnaltirildi. Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni tiklashda fuqarolarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.

    Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1 million nafardan ortiq kishi koʻchirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ortigʻi bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, soʻnggi burda nonini ham baham koʻrib, ota-onasidan ajralgan bolalarni oʻz farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi. Asrab olinganlardan tashqari evakuatsiya qilingan bolalar uchun shahar va viloyatlarda koʻplab bolalar uylari tashkil etildi.

    Hozirgi kunda Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot xujjatlari milliy arxivida Ikkinchi jahon urushi toʻgʻrisida qimmatli arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Soʻngi yillarda arxiv tomonidan mazkur hujjatlarni nafaqat saqlash balki ularni tadqiq qilish va tarixiy faktlar asosida turli maqolalar chop etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Arxivda urush yillari Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan bolalar xaqida qiziqarli va muhim maʼlumotlarga ega arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Xususan 1944-yil hisobotlariga koʻra OʻzSSR Sogʻliqni Saqlash Xalq Komissarligiga qarashli respublikada 215 ta bolalar uyi mavjud boʻlgan boʻlib, ulardan 15 tasi polyak bolalariga berilgan. Umumiy bolalar soni 23629 boʻlib, ulardan 1323 nafari polyak millatiga mansub boʻlgan. Ular shahar va viloyat bolalar uylariga joylashtirilgan.

    1942-yilda Oʻzbekiston Respublikasiga urush boʻlayotgan joylardan, yaʼni Moskva, Moskva viloyati, Odessa, quyi Qrim, Ivanovo shahri, Kiyev, Voronej, Voroshilovgrad, Sum, Rostov, Chernigov, Xarkov, Orlov, Kursk viloyatilaridan 68 ta bolalar internatlari evakuatsiya qilingan boʻlib, ulardan 8585 evakuatsiya qilingan bolalar boʻlgan. Evakuatsiya qilingan bolalar soni 20 mingdan koʻp boʻlgan.

    Ikkinchi jahon urushi xalqlar boshiga turli ogʻir vaziyatlar va qiyinchilarni olib keldi. Jumladan urush davrida eng ogʻiri oziq-ovqatni yetishmasligi sabab insonlar, ayniqsa bolalarning toʻyib ovqatlanmasligi edi. Urush davrida Sogʻliqni Saqlash Xalq Komissarligi bolalar ovqatlanishiga alohida eʼtibor bergan. Ammo, oziq-ovqat mahsulotlarining yetishmasligi tufayli oziq-ovqatni taqsimlashda har doim ham ovqatlanish meʼyorlariga toʻla rioya qilinmagan. Arxiv hujjatlarining guvohlik berishicha urush davrida yogʻ mahsulotlari, goʻsht, donli mahsulotlar bilan taʼminlash, baʼzi joylarda sutli mahsulotlar va hatto sabzavotlar yetishmagan.

    Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, evakuatsiya qilingan bolalarga yordam berish boʻyicha Markaziy bolalar komissiyasining tashabbusi bilan katta shaharlarda evakuatsiya qilingan aholining zaiflashgan bolalari va armiya safida xizmat qilayotgan jangchilarning bolalari uchun umumiy ovqatlanish shahobchalari tashkil etishga muvaffaq boʻlingan. Arxivda saqlanayotgan yana bir hujjatga koʻra 1942-yilda respublikada 20000 ming bolani ovqatlanishini taʼminlash uchun ochiq oshxonalar ochilgan.

    Maktabgacha va maktab yoshdagi bolalarni sogʻliqlarini yaxshilash boʻyicha bolalarni Toshkent, Chimyon, Samarqand va Namangan viloyatlaridagi xoʻjalik hisobidagi sanatoriyalarga joylashtirilgan. Birinchi navbatda, evakuatsiya qilingan bolalar va Ikkinchi jaxon urushi qatnashchilarining bolalari taʼminlangan. Koʻrsatilgan sogʻlomlashtirish tadbirlar bilan 8982 bola qamrab olingan, ularning 57 foizi evakuatsiya qilingan bolalar boʻlgan. Toʻrtta xoʻjalik hisobidagi sanatoriyalar Toshkent shahrida faoliyat olib borgan boʻlib, sanatoriyada jami bolalar soni 2250 boʻlgan, ulardan 70 foizi, Fargʻona viloyatidagi sanatoriyalarda 900 ta bola boʻlib, ularning 70 foizi, Namangan viloyati sanatoriyasida 167 bola boʻlib 55 foizi evakuatsiya qilingan bolalar boʻlgan.

    Arxiv hujjatlaridan maʼlumki urush davri oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va bolajonligini namoyon qilgan. Evakuatsiya qilingan bolalarni oʻzlarining bolalari kabi asrab-avaylab, mehr koʻrsatib ulkan qahramonlik koʻrsatgani arxiv hujjatlarida oʻzining aksini topgan. Mana necha yildirki ushbu qahramonliklar biz avlodlar uchun gʻurur-iftixor bagʻishlab kelmoqda. Ishonchimiz komilki, oʻzining katta talofatlari bilan jahon xalqlari tarixida nom qoldirgan Ikkinchi jahon urushidagi oʻzbek xalqining jasorati kelgusi avlod uchun ham mardlik va jasorat maktabi boʻlajak.

    Ushbu maʼlumotlar arxivda soʻngi yillarda olib borilgan tadqiqot ishlari natijasida aniqlandi. Arxivda ilmiy salohiyatni rivojlantirish maqsadida arxiv hujjatlarini tadqiq qilish davom ettirilmoqda.

    Gulbarno XOLMIRZAYEVA,

    Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi boʻlim mudiri,

    Turgʻun MOʻMINOV, yetakchi arxivchi.