Tahlillar mamlakatimizda bu borada davlat-xususiy sheriklik yoʻlga qoʻyilgan joylarda tartib yaxshilanganligini koʻrsatyapti. Xususan, Namangan shahri, Toʻraqoʻrgʻon, Mingbuloq va Namangan tumanlarida mahallalarni sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 92 foizga yetib, tushumlar 2 baravarga oshgan.

— Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha tegishli hududlar xususiy sherikka biriktirib berilmoqda, — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Umarjon Abdullayev. — Faqat mazkur jarayonda ularni saralash va qayta ishlash boʻyicha texnologiyalarni tatbiq etib, qoʻshimcha ravishda kapital qoʻyilmalar va investitsiyalar jalb qilinishi shart. Bu boʻyicha reja qilingan 62 ta loyihadan 15 tasiga tadbirkorlar jalb qilindi. Albatta, bu koʻrsatkich past. Hozirda loyihalarni toʻliq amalga oshirish uchun tegishli ishlar amalga oshirilyapti.

Savol tugʻilishi tabiiy. Bunday mexanizmning tadbirkorlar uchun qanday afzalliklari bor? Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransport vositalari va texnikalari xususiy sherikka yetti yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan beriladi. Shuningdek, baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan narxlarda sotiladi hamda loyiha yakuni boʻyicha toʻlovlar toʻliq toʻlab boʻlinganidan soʻng ular ixtiyoriga oʻtadi.

— Biz 2021-yil yakuniga qadar maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar bilan qamrab olish koʻlamini 100 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz, — deydi Umarjon Abdullayev. — Qolaversa, ayni doiradagi xizmatlarni tashkil etish sohasida xususiy sektor ulushini 2022-yil yakuniga qadar 50 foizga yetkazish ham galdagi eng muhim vazifalarimizdan biri sanaladi. Shuning barobarida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmi 2021-yil yakuniga qadar 36,5 foizga yetkaziladi.

Taʼkidlash joiz, 2020-yil 29-sentyabrda Prezidentning “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori eʼlon qilingan edi. Uning ijrosini taʼminlash yuzasidan maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modelini bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmi yaratilib, 2020-yilda 16 ta loyiha ishlab chiqilgan va tender oʻtkazish uchun eʼlon qilingan. Ulardan bugungi kunga qadar 8 ta loyiha boʻyicha bitim tuzish huquqini qoʻlga kiritgan tadbirkorlik subyektlari bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida hujjat imzolandi.

Albatta, bu oqilona yoʻl. Buni Surxondaryo viloyati Angor tumanida faoliyat yuritayotgan “Bio texno eko” MCHJ faoliyati misolida koʻrish mumkin. U — chiqindilarni yigʻish, saralash va qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxona. Yevropa texnologiyalari asosida ish olib boruvchi ushbu jamiyatda yiliga 180 ming tonnadan ortiq chiqindi qayta ishlanib, 10 dan ortiq turdagi tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Plastik quvurlar, truba, uy-roʻzgʻor buyumlari, sellofan va sellofan granulalari, qogʻoz mahsulotlari shular jumlasidan. Korxona yaxshigina daromad koʻrish bilan birga, Angor, Termiz shahri va Termiz tumanlarida hosil boʻlayotgan chiqindi mahsulotlarini saralash, tevarak-atrofda ekologik tozalikni saqlashda katta ahamiyatga ega.

— Uzoq yillar oldin boʻsh, tashlandiq yerni bolalar maydonchasiga aylantirishga harakat qilganmiz, — deydi “Bio texno eko” MCHJ rahbari Ilhomjon Boqijonov. — Shunda ushbu maydonga aholi tomonidan turli chiqindilarni tashlab ketish holatlari kuzatilgan. Ularni qayta ishlash gʻoyasi oʻshanda paydo boʻlgandi. Nahotki, keraksiz sanalgan bu narsalarni qayta ishlab, samarali foydalanishning, daromad olishning imkoni boʻlmasa, degan savol menga tinchlik bermagan va bu borada izlanganman. Hozirda aholi va sanoat korxonalaridan hosil boʻlayotgan maishiy chiqindilarni qayta ishlayapmiz. Temir va shisha, rezina mahsulotlarini yigʻib, ishlab chiqaruvchi korxonalarga topshiramiz. Organik chiqindilardan esa biogumus ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganmiz.

Korxonada bugungi kunda 360 nafar ishchi faoliyat yuritadi. Ahamiyatli tomoni shundaki, ishsiz yoshlar, ayollar mana shu joyda band, oylik maosh bilan taʼminlanmoqda. Chiqindi tashiydigan 50 dan ortiq avtotransport vositasiga ega mazkur tashkilot maishiy xizmat koʻrsatish bilan ham shugʻullanadi. Ilhomjon Boqijonov Tojikiston, Afgʻoniston, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga arzon yarimtayyor mahsulotlar yetkazib beradi. Bunday xomashyolar chetdan keltirilgandan koʻra anchayin kamxarajatli.

— Chiqindilarni qayta ishlash bu juda katta daromad degani, — deydi Ilhom aka. — Birgina qogʻozni qayta ishlashni olaylik, bu bilan qanchadan-qancha daraxtlar kesilishining oldi olinadi va elektr sarfini kamaytiradi. Bir tonna qogʻozni qayta ishlashda uni yogʻochdan tayyorlash uchun ketadigan suvning yarmi sarflanadi. Shuningdek, jarayon ishchi oʻrinlari yaratilishi bilan ham ahamiyatli. Istiqboldagi rejamiz: ishchi oʻrinlarini bir yarim mingdan oshirish, shuningdek, trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga sintetik tolalarni yetkazib berish, qurilish va tibbiyot chiqindilarini qayta ishlashdan iborat. Yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun foyda keltirish, xorijdan valyuta kiritish eng oliy maqsadimdir.

Ha, bu boradagi yondashuvlar atrof-muhitning toksik sanoat va tibbiyot chiqindilari bilan ifloslanishining oldini olish barobarida qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish, zararsizlantirish uchun ham munosib yechim boʻla oladi. Mamlakatimizda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha 281 ta korxona mavjud boʻlib, ular qayta ishlash natijasida polietilen, qogʻoz, shisha, rezina, metall, qadoqlash, quvur va boshqa qurilish mahsulotlari ishlab chiqariladi. 2020-yil davomida respublika boʻyicha 1 million 25 ming tonna maishiy chiqindi qayta ishlangan va u 21,9 foizga yetkazildi. Ikkilamchi xomashyo mahsulotlarini saralab olib, sotish va qabul qilish faoliyatini olib boruvchi shoxobchalar tomonidan yigʻiladigan mahsulotlardan xoʻjalik faoliyatida qayta foydalanish natijasida resurs tejamkorligiga hamda tovarning tannarxi arzon boʻlishiga sabab boʻladi.

Aytish mumkinki, chiqindiga faqatgina ekologik muammo emas, balki tijoriy faoliyat sifatida qarash katta ahamiyatga ega. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi maishiy chiqindilarning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini koʻrsatmoqda. Bunday tadbirlar natijasida elektr energiyasi va suvdan foydalanish hajmi bir necha barobarga kamayadi. Xususiy korxonalar utilizatsiya bilan shugʻullanib, foyda olish, imtiyozlarga ega boʻlish barobarida atrof-muhitga ham gʻamxoʻrlik qilmoqda.

Energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo, qurilish sanoati obyektlari atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbalar sanaladi. Soʻng gi toʻrt yilda sanoat korxonalari ikki barobarga koʻpayishi natijasida shaharlarda chang-gaz miqdori ham shunchaga oshdi. Hududlarda “Yashil maydonlar” uchtoʻrt baravarga qisqarib, oʻrtacha 8 foizdan kamayib ketgani jiddiy tashvish uygʻotadi.

Tibbiyot chiqindilari atrof-muhitni ifloslantirish barobarida infeksion va noinfeksion kasalliklarning tarqalishi xavfini tugʻdiradi. Ishlatilgan himoya niqoblarini olaylik. Ular ham oʻta xavfli sanaladi. Sababi virusli tomchilar qurib, havo orqali koʻchib yurishi va tarqalishi mumkin.

2021-yil yanvar-iyun oylari davomida chiqindilarni nazorat qilish yoʻnalishida jami 9 896 ta huquqbuzarliklar aniqlangan va ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora koʻrilgan. Ularning asosiy qismi fuqarolar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash oqibatida sodir etilgan. Bugungi kunda har bir insonda ekologik madaniyat boʻlishi juda muhim. Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini himoyalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan izchil ekologik siyosat yuritilmoqda.

Masalaga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, masʼullar, mutasaddilar tomonidan qator choralar koʻrilmoqda. Bu kabi chora-tadbirlardan koʻzlangan maqsadga erishish uchun esa, barchamiz birdek harakat qilishimiz lozim. Ana shundagina kutilgan natijalar kuttirib qoʻymaydi.

Feruza JOʻRAYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri