Undagi “tashvish”larga kasbdoshlarimdan iqtisod fanlari doktorlari, professorlar A.A.Fattaxov va O.O.Olimjonovlar dalillar bilan “tuzlab”, yaxshigina javob qaytarishibdi. Ularning fikrlarini qoʻllab-quvvatlagan holda, “masala”ning quyidagi jihatiga ham eʼtibor bermasak boʻlmaydi, menimcha.
Gap shundaki, oshkora eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, oʻsha elektrobuslarning narxi jahon bozorida 125 000 AQSH dollaridan 1 350 000 AQSH dollarigacha ekan. “Bizniki”lar uni 300 000 AQSH dollarligidan “olishibdi”. Boringki, oʻsha “yurtdosh”imiz haq boʻlib, elektrobuslarning 70 000 AQSH dollaridagilari mavjud boʻlganda ham “ensa qotirish”ga ne hojat? Axir shu “tovar”ning narxi baʼzi bir obyektiv sabablarga (ularning ming bir koʻrinishi bor, bu oʻrinda elektromobil modellarining turli xilda ekanligi nazarda tutilyapti) koʻra 70 000 AQSH dollaridan 1 350 000 AQSH dollari oraligʻida “tebranib” turganda ham “bizniki”lar “oltin oraliq”ni tanlashibdiku! Yaʼni, minimal narxdagilaridan deyarli toʻrt baravar qimmat (70 x 4 = 280 bu taqriban 300 degani) va maksimal narxdagilardan shuncha barobar (1 350 000 : 4 = 337,5 bu ham deyarli taqriban 300 degani) arzonini xarid qilishibdi.
Axir, elektromobillar turli modellarining narxi turlicha boʻlib turgan bir paytda biz oʻrtachasini tanlagan boʻlsak, nega asossiz “ayuhannos” solamiz?! Yoki oʻzbekistonliklar faqat arzoniga loyiqmi?...
Buning ustiga, bozordagi bahoning tovarning sifatiga toʻgʻri proporsional ravishda oshib borishi, uzr, “Koʻrga – hassa!”dek maʼlumku!
“Bizniki”lar sifati pastroq va narxi ham shunga mos ravishda past 70 000 AQSH dollarida boʻlgan elektrobusni xarid qilmasdan sifati yuqoriroq va shunga monand ravishda bahosi ham yuqoriroq boʻlgan 300 000 AQSH dollarligini sotib olib, uning oʻrtachasini tanlashgan boʻlsa, buning nimasi yomon?! Axir bu “Six ham kuymasin – kabob ham”dan darak emasmi? Shunga ham aqli yetmaganning oʻzicha “munosabat” bildirib, “kuyib-pishishi”ga, uzr – balo bormi?...
“Qaygʻurayotgan yurtdosh”im, bu oʻrinda “Arzonning oshi – tatimas!” ham esingizdan chiqmasin!
Tohir MALIKOV,
iqtisod fanlari doktori, professor