Asalarichilikning o'ziga xos sir-asrori mavjudki, bu jarayon mashaqqat va parvarishda nozik yondashuvni taqozo etadi. SHunga qaramasdan, keyingi yillarda Vobkentda ham asalarichilik tarmog'i ancha rivojlandi. Kosari, Qipchoq, Rabotoxun, Qo'qin, Kumushkent, Xayrobod kabi hududlarda asalari oilalarini boqib ko'paytirish, ming dardga davo asal etishtirishga e'tibor va rag'bat oshmoqda. Buning e'tirofi sifatida tumanda har yili o'tkazib kelinadigan asal saylini misol keltirish mumkin.
— Asalari tabiat mo''jizasi desak, mubolag'a emas. Uning parvarishi ham kishidan halol va pokizalikni talab qiladi. Sara bol olish uchun bahor fasli juda qulayligidan foydalanib, havo ilishi bilan, erta bahor kunlaridan keng dalaga, tabiat qo'yniga shoshilamiz, — deydi asal sayli qatnashchilaridan biri, ko'p yildirki, asalarichilik bilan shug'ullanib kelayotgan Ne'mat Narziev. — 2018 yilda 5 quti asalari bilan ish boshlagan bo'lsak, hozirda oila a'zolarimiz ko'magida asalari oilasini 80 taga etkazganmiz. Har yilgi mavsumda ulardan 1,5 tonna atrofida darmondoriga boy bol etishtirib olayapmiz. Bundan esa erishayotgan moddiy manfaatdorligimiz ham 100 million so'mdan kam emas.
Asal saylida mirishkor xo'jaliklar tomonidan asalning turli xillari namoyish etildi. CHunonchi, oddiy paxta dalasida etishtirilgan boldan cho'l iqlimida isiriq va boshqa giyohlardan olingan asal, yantoq guli hidi ufurib turgan, yana olis tog'oldi hududlarida etishtirilgan xushbo'y va tarkibi darmondoriga boy shaffof asal.
"Qamchinbog'" mahallasida yashovchi Ahror To'xtaev asli kasbi – energetik. Nafaqaga chiqquniga qadar tuman elektr tarmoqlari korxonasida faoliyat yuritgan. U oilasi bog'dorchilik- tokzor parvarishi bilan birga yoniga 5 nafar farzandini olib, asalarichilik bilan ham jiddiy shug'ullanib keladi. Ayni kunda ular tasarrufidagi 10 gektarga yaqin uzumzorning chor-atrofida saqlanayotgan asalari oilasi 60 tadan oshgan. YOzning dastlabki oyida tortilgan asaldan mirishkorlar oilasi qariyb 1 tonna asal olishga erishibdi. Bu har bir qutidan 12-14 kilogram bol degani.
Qo'qin mahallasida yashovchi Imomali Niyozov ham asalarichilik bilan shug'ullanayotganiga o'n yildan oshgan. Dastlab 4 ta asalari uyasi bilan ish boshlagan mirishkor hozirga kelib 65 quti asalari oilasiga ega. U o'z ko'makchilari bilan birga asalarilarini erta bahordan bog'larga, may oyidan yaqin cho'l hududiga ko'chirishga odatlangan, Bir qismi esa qishloq paxta dalasi atrofilarida parvarishlanmoqda. O'zining aytishicha, qishki mavsumda asalari uyalarini sovuqdan asrash, oziqlantirish, nobudgarchilikka yo'l qo'ymaslik talab qilinadi. Parvarishi risoladagidek bo'lsa, har bir kuti asalaridan yiliga o'rtacha 25 kilogram sifatli bol yig'ish mumkin. Bu esa qariyb 2 million so'm daromad degani.
Asal sayliga qaytsak, unda nafaqat Vobkent, balki qo'shni tumanlardan kelib qatnashgan ko'p yillik asalarichi hamkasblar bir-biri bilan samimiy suhbat qurib, tajriba almashish imkoniga ega bo'lganlari barobarida, saylgohga kelganlar sara boldan bahramand bo'ldilar.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati