Taʼkidlash joiz, restoran dizayni oʻzbekcha uslubda ishlangan boʻlib, uning ichki qismi milliy naqshlar va xalq amaliy sanʼati buyumlari, oshxona jihozlari va boshqa aksessuarlar bilan bezatilgan.

Restoranda palov, somsa, manti, lagʻmon, shoʻrva, norin, kabob va boshqa milliy taomlar xoʻrandalarga taklif etiladi.

Tadbirda Ashxoboddagi xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, turkmanistonlik ishbilarmonlar va Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilayotgan tadbirkorlar, shuningdek, oʻzbek diasporasi vakillari qatnashdi.

Tadbir doirasida oʻzbek millatiga mansub turkmanistonlik sanʼat ustalari ishtirokida yorqin konsert dasturi namoyish etildi. Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy, qoʻshiq va raqslar mehmonlarga manzur boʻldi.

Tadbir qatnashchilari oʻzbek restorani oshpazlarining mahoratiga ham yuqori baho berdi. Ular tomonidan tayyorlab, dasturxonga tortiq etilgan milliy taomlar barchada katta taassurot qoldirdi.

Marosim ishtirokchilari ushbu restoranning ochilishi ikki mamlakat oʻrtasida barcha sohalarda jadal surʼatlarda rivojlanayotgan doʻstona munosabatlar doirasida muhim voqea ekanini urgʻuladi.