Lekin ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish eng muhim sohalardan biri boʻlib, ushbu masalalar bugungi kunga qadar qonun darajasida tartibga solinmagan. Amaldagi qonunchilikda ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari isteʼmolchilarining majburiyatlari aniq belgilangan boʻlib, suv taʼminoti tashkilotlarining majburiyatlari esa mustahkamlanmagan.
Cyv taʼminoti tashkilotlari faoliyatida intizomning sustligi oqibatida quvurlarda nosozliklar vujudga kelmoqda va isteʼmolchilar tomonidan ularga noqonuniy ulanish holatlari kuzatilmoqda.
“Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasida suv taʼminoti tashkilotlarining ushbu sohadagi majburiyatlari va huquqlari belgilanmoqda.
Mazkur hujjat bilan ichimlik suvi va oqova suv quvurlarining isteʼmolchi hududiga tutashgan qismigacha ichimlik suvi taʼminoti tashkiloti masʼul hisoblanishi nazarda tutilib, isteʼmolchilarga asossiz hisoblangan toʻlovlarning 50 foiziga teng miqdorda ichimlik suvi taʼminoti tashkilotidan kompensatsiya (penya) talab qilish huquqi berilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida sohani barqaror rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirishga moʻljallangan taʼsirchan huquqiy baza yaratilishi, suv taʼminoti tashkilotlari faoliyatida intizomni kuchaytirish orqali nosozliklar oqibatida ichimlik suvi isrof qilinishining oldi olinadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.
.