1991 yilning 31 avgusti biz uchun ana shunday tarixiy burilish pallasi bo‘lib qoldi. Zero, xalqimiz ayni shu kuni o‘z mustaqilligi, istiqlolini qo‘lga kiritdi, millat sifatida qayta tug‘ildi.

Yangi O‘zbekistonда kechayotgan islohotlar esa inson qadrini tikladi, odamlarga chinakam hurlikni qaytarib berdi. Shu ma’noda, mustaqillik qalbimizda, ong-shuurimizda, taqdirimizda chuqur ildiz otaveradi, uning solnomasi O‘zbekiston nomi bilan atalayotgan g‘alabalar, jahon e’tiboriga tushgan yutuqlarimiz bilan boyib boraveradi. Bu yillarning har kuni, har lahzasi ma’no-mohiyatiga ko‘ra, “umr daftarini shoh satrlar bilan bezash” va bu bezakdan dunyoni hayratga solish davri bo‘lyapti.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida barcha sohadagi keng ko‘lamli va izchil islohotlar ona Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, odamlarning davlatdan rozi bo‘lib yashashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarga yangicha mazmun baxsh etdi. Natijada yurtdoshlarimiz turmush tarzi, hayoti butunlay o‘zgardi, yurtimiz yangicha qiyofa kasb etib borayotir.

Bu yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganiga 35 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan joriy yil 2 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligini keng nishonlashga tayyorгарлик ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan istiqlolimizning shonli sanasini yuksak saviyada o‘tkazish, ushbu ulug‘ bayramni munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda yurtimiz mustaqilligining ulkan siyosiy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini inobatga olib, mazkur ayyomni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, shuningdek, qator yo‘nalishlar bo‘yicha “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan zarur vazifalar belgilandi.

Umumiy maqsad va orzularimizni mujassam etgan ushbu vazifalar ijrosi xalqimiz o‘rtasidagi birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ayniqsa, yoshlar orasida milliy ruhni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash tarixiy bir voqea emas, balki kelajagimiz uchun muhim yo‘l xaritasini belgilashdir.

Hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar jamiyatning har bir a’zosi uchun, u qaysi sohada mehnat qilmasin, hayotda, ijtimoiy yoki ijodiy faoliyatda o‘zini to‘la namoyon etish, yangilangan Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklaridan to‘la foydalanish imkoniyatini berdi. Islohotlar shabadasi, eng avvalo, huquq bo‘lib ong-shuurimizga singdi. Natijasini bugun odamlarning dunyoqarashi, fikri-zikri, turmush tarzida ko‘rish mumkin. Har bir yurtdoshimizda harakat, intilish, yaratish ishtiyoqi bor. Bugungidan-da farovon hayot, yorug‘ kelajakka ishonch mustahkam.

Keyingi yillarda boshlangan qurilishlar, deyarli qayta qurilgan shaharlarimiz, qishloqlarimizning zamonaviy ko‘rinishi, yo‘lsozlik, ko‘priksozlik, shaharsozlik ilmi, tadbirkorlik va ishbilarmonlikning benihoya rivojlanishi, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport va boshqa sohalarda erishilayotgan yutuqlar, yosh avlodning zafarları, millatlararo ahil-inoqlik, bag‘rikenglik, hech shubhasiz, istiqlol sharofati.

Islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyilini joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu ham bejiz emas. Chunki mamlakatimizda davlat va hokimiyat idoralari uzoq vaqt davomida xalq hayotidan uzilib qolgandi. Binobarin, davlat va uning organlari, avvalo, xalqka xizmat qilishi kerak. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ildizlari mustahkam va baquvvat bo‘ladi. Shu sababli xalqning o‘girini yengil qilish, muammolarini vaqtida va samarali yechish, hayot darajasi va sifatini yaxshilash barcha islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Vazir va hokimlar, barcha bo‘g‘indagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qog‘ozda emas, amalda jiddiy shug‘ullanmoqda. Majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, korrupsiya, aholini uy-joy bilan ta’minlash, ta’lim va tibbiyot bilan bog‘liq muammolar ochiq tan olinib, birin-ketin bartaraf etilyapti. Natijada odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo bo‘ldi. Turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning faoliyatiga OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali xolisona baho berilmoqda. Asosiyси, odamlar, jamiyat uyg‘ondi.

2016 yil sentyabrda Bosh vazir virtual qabuxonasining tashkil qilinishi xalq va davlat o‘rtasidagi to‘siqlarni olib tashlash imkonini berdi. Odamlarning dardi to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga yetib boradigan bo‘ldi. Natijada real hayot, haqiqiy muammolar boricha namoyon bo‘ldi!

Bunday yondashuv, boshqaruvning xalqona tutumi, o‘z navbatida, jamiyat rivoji uchun aniq choralar ishlab chiqishga xizmat qildi. Xalq va davlat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlandi, haqiqiy demokratiya tamoyillari amalda ishlay boshladi.

Hozir ko‘pchilik salkam o‘n yil avvalgi o‘sha holatlarni esdan chiqargan bo‘lishi mumkin. Jamiyatimizdagi bugungi ochiqlik muhitini har doim ham sezavermaymiz, balki oldingi davr bilan taqqoslagandagina anglay olamiz.

Bugun islohotlar samarasi haqida gap ketganda, “Inson qadri” tamoyili asosidagi katta yutuqlarimiz bilan bir qatorda soliq tizimidagi yangilanishlar, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi, bank-moliya sohasidagi o‘zgarishlar, xalqaro moliya operatsiyalarining jahon andozalari asosida amalga oshirilishi, turizm rivojlanishi kabi ko‘plab misollarni ishonch bilan tilga olish mumkin.

Iqtisodiy yo‘nalishdagi yangilanishlarga nazar solar ekanmiz, avvalo, valyuta bozori liberallashtirilganini alohida qayd etish o‘rinli. Chunki uzoq vaqtdan buyon valyutaning erkin konvertatsiyasi bo‘lmagandi. Hozir korxonalar import operatsiyalarini amalga oshirish uchun bemalol valyuta xarid qilish imkoniga ega.

Buni muhim deyishimizning sababi shuki, iqtisodiyotning eski modeli butunlay konvertatsiyaning yo‘qligiga bog‘langan, konvertatsiya tizimi eng korrupsiyalashgan soha edi. Bu eski modelning o‘zagi edi. Mana shu asos olib tashlangach, eski andoza o‘z-o‘zidan qulay boshladi, yangi islohotlarga yo‘l ochildi.

Iqtisodiyot sohasidagi birinchi o‘zgarish valyutaning liberallashuvi bo‘lsa, ikkinchi eng muhim yangilik pul muomalasidagi islohotlardir. Natijada chet el investorları O‘zbekistonga kela boshladi. Ushbu islohotlar bilan bir qatorda tashqi iqtisodiy faoliyat erkinligi ta’minlanib, biznes uchun ma’muriy to‘siqlar olib tashlandi.

Erkin konvertatsiya, avvalo, xalqaro savdo munosabatlarining to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun kerak. Zero, faqat shu orqali xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etib, undan kelib chiqadigan foyda va imtiyozlarga ega bo‘lish mumkin.

Taraqqiyot strategiyasidagi inson qadrini yuksaltirish, xalqparvar davlat barpo etishga oid ustuvor maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash davlat organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishni taqozo etdi. Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu muammolarga o‘ziga xos huquqiy yechim bo‘ldi deyish mumkin. Xususan, mazkur hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari soni 61 tadan 28 tagacha, jumladan, vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirildi. Natijada 1,5 trillion so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishildi va shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiга bo‘shagan mablag‘lar ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltirildi.

Ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi. “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizда mustahkamlanganini alohida e’tirof etish zarur. Bunda kambag‘allikni qisqartirish muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda kambag‘allik muammosini hal etish ijtimoiy siyosatda alohida o‘rin egallaydi. Unga qarshi faol kurash 2020 yilda mamlakatimiz ushbu holatni rasmiy tan olgan paytda boshlangan edi. O‘shanda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgani va ular “mahalla yettiligi”ga berilgani natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi. Boshqacha aytganda, 2025 yil yakunida yurtimizda kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushdi.

Bunday natijalarga erishishda aholini zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularga munosib ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli va uzoqni ko‘zlagan siyosat hal qiluvchi omil bo‘lmoqda. Kambag‘allikni kamaytirish aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifadir.

Ijtimoiy himoya haqida gapirganda, pensionerlar manfaatі kuchli himoyaga olinganini ham eslash joiz. Hozir aholiniнг qariyb 11 foizi pensiya va nafaqa oladi. Bundan to‘qqiz yil muqaddam esa pensionerlar 3 million bo‘lgan. So‘nggi vaqtda pensiya va nafaqa oluvchilar soni yiliga 200-250 ming nafarga o‘sib bormoqda. Ularning soni ortishi bilan pensiya tizimida ham bir qancha o‘zgartirishlarga ehtiyoj sezildi. 2017 yilgacha pensionerlarni qiynab kelgan muammolardan biri — ularga pul naqd shaklda berilmayotganida edi. O‘sha yili 1 fevraldan boshlab mazkur masala yechim topdi — pensiya va nafaqalar istalgan shaklda, naqd yoki plastik karta orqali berila boshlandi. Shu bilan birga, 2019 yildan boshlab nafaqasi to‘liq saqlab qolingan holda pensionerlarning ishlashiga ham imkon berildi.

Keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida so‘z borganda, birinchi navbatda, xotin-qizlarning o‘qishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sog‘ligini saqlash, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar tilga olinmoqda. Buning sababi oddiy, albatta. Chunki dunyodagi har qanday xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot va madaniyat darajasi, avvalo, xotin-qizlarga munosabat bilan belgilanadi. Zero, xotin-qizlar barcha soha va tarmoqlarda erkaklar bilan teng huquqqa ega, yuksak hurmat-e’tiromda yashagan mamlakatda, albatta, tinchlik, hamjihatlik, o‘sish va yuksalish bo‘ladi. Shu bois, jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etayotgan, turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan opa-singillarimiz har yili davlatimizning yuksak mukofotlari, shuningdek, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarning soni 400 ga yaqinlashgani ham ana shunday ishlar qatoriga kiradi.

Islohotlar tufayli o‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish kuchaydi. Birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochildi. Qo‘shnilarimiz bilan uzilib qolgan aloqalar tiklanib, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladik. Viza masalalari hal etildi.

Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Azal-azaldan o‘zaro qardosh va birodar mamlakatlarimiz ko‘pgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha yaqin hamkorlikda harakat qila boshladi. Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” iborasi paydo bo‘ldi.

2025 yil noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bu jarayonga yangi mazmun va kuch bag‘ishladi. Ana shu misollarning o‘ziyoq ichki va tashqi siyosatning naqadar bog‘liq va hamohang ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, ichki va tashqi siyosatimizdagi ana shunday uyg‘unlik xalqimiz manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilmoqda va natijasini oddiy odamlar o‘z hayoti va taqdirida his etmoqda.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga 2019 yili a’zo bo‘lgandan so‘ng tuzilma sezilarli darajada kuch va obro‘ga ega bo‘ldi. Zero, O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilishi bilan turkiy mamlakatlar zanjiridagi muhim kamchilik bartaraf etildi. Mamlakatimiz nafaqat Markaziy Osiyo va Yevroosiyo geosiyosatida, balki TDT doirasida ham alohida e’tiborga ega. Shu bois, O‘zbekistonning unga a’zoligi turkiy dunyoning kelajagida tom ma’noda keskin burilish nuqtasi bo‘ldi.

Tashkilot doirasida davlatimiz ilgari surgan 60 dan ziyod taklif va tashabbus TDT faoliyatiga yangi mazmun bag‘ishladi. 2023 yil noyabrda Ostonada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida Prezidentimizga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlash, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot — Turkіy dunyoning oliy ordeni tantanali topshirildi.

Mamlakat kelajagi, barcha soha va loyihalar muvaffaqiyati bilimli, ma’naviyatli insonlarga bog‘liq. Shu bois, oxirgi yillarda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Ayniqsa, oldinlari o‘quv yili ibtidosi muallimning yozilmagan yillik ish rejasini paxta mavsumining boshlanishi belgilab berardi. Qahraton qishga qadar davom etadigan bu mavsumni o‘qituvchi o‘quvchilari bilan birga “yollanma terimchi” sifatida dalada o‘tkazardі. Bahor boshlanishi bilan yana dala yumushlariga jalb qilinardi.

Bundan tashqari, obodonlashtirish, soliq yig‘ish, qurilish ishlarida dastyorlik ham o‘qituvchilarning zimmasida edi. Bu xizmatlari uchun esa arzimagаn maosh to‘lanardi. Muallimning obro‘si, sha’ni, qadri haminqadar baholangani tufayli aksariyat o‘qituvchilar ishini tashlab, boshqa sohalarga o‘tib ketdi.

Endi mamlakatimiz yangi davrga qadam qo‘ydi. 2017 yil sentyabrdan boshlab o‘qituvchilar o‘ziga tegishli bo‘lmagan barcha yumushdan ozod etildi. Ularning oldida faqat yosh avlodni yetuk va komil inson qilib tarbiyalash vazifasi qo‘yildi. Shu tariqa biz jamiyat rivojining tayanch nuqtasini topdik, bu ta’lim tizimidir! Pedagoglar mehnatining qadrlanishi, e’zozlanishi, ijtimoiy himoyaga olingani buning isboti desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

Maktab o‘qituvchilarining oyligi 3-4, oliy ta’lim professor-o‘qituvchilarining oyligi 4-5 baravar ko‘paytirildi. Davlat OTM professori 2017 yilda 2,5 million so‘m maosh olgan bo‘lsa, 2025 yil 1 sentabrdan o‘rtacha 14,5 million so‘m oyliq olmoqda. Faol pedagoglarga ilmiy darajasi uchun byudjetdan 30-60 foiz qo‘shimcha haq to‘lanmoqda. Ba’zi oliy ta’lim tashkilotlari byudjetdan tashqari mablag‘i hisobidan yana boshqa ustamalar bermoqda.

O‘qituvchilarning jamiyatda obro‘si, ijtimoiy maqomini oshirish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga alohida modda kiritildi hamda Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi maxsus qonun qabul qilindi. Barcha viloyatlarda iqtidorli bolalar uchun Prezident maktablari ochildi, ularning bitiruvchilari dunyoning eng kuchli universitetlariga kirish uchun grantlarni qo‘lga kiritmoqda. Xususiy ta’lim rivojlantirildi, hozir 450 dan ortiq xususiy maktab va 60 dan ziyod nodavlat oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

Ha, bu yilgi mustaqillik bayrami baland marralar, katta natijalar va buyuk maqsadlar tantanasi sifatida keng nishonlanadi. Ularning ta’rif va tavsifini bir maqolaga sig‘dirish mushkul. Eng muhimi, buni har birimiz hayotimiz, turmushimiz misolida ko‘ryapmiz. Biz ana shunday ulkan imkoniyatlarga to‘la, qadrimiz baland, qaddimiz tik davrda yashayapmiz. Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishilgan tarixiy yangilanish jarayonining har bir yili katta yutuqlar, beqiyos o‘zgarishlar bilan kechayotgani barchamizning ko‘nglimizni tog‘dek ko‘taradi, albatta.

Ismoil SAIFNAZAROV,

falsafa fanlari doktori, professor