“Yangi Oʻzbekistonni barpo etish — bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir”.

Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asari muqaddimasida keltirilgan mazkur fikrlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etish muayyan shaxsning xohish­irodasi, istagi emas, jamiyat aʼzolarining ertangi kuniga, taraqqiyotiga bogʻliq boʻlgan, kelajagini belgilab beradigan islohotlarning debochasi ekanini tasdiqlaydi.

Shu oʻrinda savol tugʻilishi tabiiy: xoʻsh, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish mezoni nima bilan oʻlchanadi? Bunday jamiyatni qurish uchun kim qanday harakat qilishi kerak? Bugun baʼzi yurtdoshlarimizda Yangi Oʻzbekiston tushunchasini yangicha boshqaruv islohotlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi, yangi zamonaviy meʼmoriy qiyofa va inshootlarning qurilishi bilan bogʻlash holati yoʻq emas.

Biroq biz belgilagan marra jamiyatdagi barcha sohalarni tubdan yangilash, saʼy-­harakatlarimizni mutlaqo yangi oʻzanda boshlash kerakligini taqozo etadi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etar ekanmiz, avvalo, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning ongi, dunyoqarashi hamda jamiya timizdagi islohotlarga munosabati ham oʻzgarishi zarur. Bunday maqomga erishish uchun fuqaro sifatida har birimizdan oʻzimizni anglash talab etiladi.

Mamlakat taraqqiyoti bir bosqichdan ikkinchi bosqichga oʻtar ekan, jamiyat aʼzolarining islohotlarga ishonchi muhim va hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu har bir jamiyatning rivojlanishiga xos boʻlgan xususiyatdir. Oldiga qoʻyilgan maqsadlarning koʻlami oʻsha jamiyatdagi shaxslar faoliyatiga, harakatiga bogʻliq jarayon. Shu bois, unga yaxlit organizm sifatida qarash mavjud.

Inson muayyan maqsadga erishmogʻi uchun barcha organi, jismi birlashib harakat qilishi kerak. Bugun jamiyat aʼzolarining yashash tarzi, salomatligi bilan bogʻliq huquqlari yetarlicha taʼminlanmoqda. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda jamiyatda ong va tafakkurni, fikrlashni ham yangilash nega muhim? Chunki bugun davr juda shiddat bilan oʻzgarishga yuz burgan. Bunday qizgʻin va tahlikali pallada jamiyatning barcha qatlami faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishi juda muhim.

Yoshi ulugʻlarda yuqoridagi talab va dunyoqarash boʻlmas ekan, ular tarbiyalayotgan yosh avlod ham shunday shakllanishi tabiiy. Oʻgʻil-­qizlarga faol fuqarolik pozitsiyasini namuna qilib koʻrsatib, amaliyotda qoʻllamas ekanmiz, ular keyingi avlodni ham shu zaylda tarbiyalaydi va bu jarayon shunday davom etadi. Bunday holatda biz kutgan jamiyatni qurishning imkoni boʻlmaydi. Mamlakatda ong va tafakkur yangilanishi ortidan insonning insonga, jamiyatga va davlatga munosabati oʻzgaradi.

Taʼlim-­tarbiyaga, ertangi taraqqiyotga ijobiy munosabatda yondashadigan qatlam shakllanadi. Ong va tafakkurni yangilash, har bir jarayonni tahlil qilish, eʼtibor va daxldorlik hissi bilan yashash, nuqsonlarimizni kamaytirib, fazilatlarimizni koʻpaytirish, maʼnaviy va ruhiy tozalanish kabi murakkab jarayonlarga har birimiz tayyorlanishimiz zarur.

Insonning uzluksiz ravishda oʻzini oʻzi nazorat qilishi, boshqarishi, yoʻnaltirishi, daʼvatkorlik va tashabbuskorlik tuygʻularini jonlantirishi ulkan maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy irodaga bogʻliq. Ayniqsa, koʻpchiligimizning qon-­qonimizga singib ketgan, vujudimiz, qalbimiz va ruhiyatimizdan mustahkam oʻrin olgan befarqlik, loqaydlik kabi illatlardan hali­hanuz qutulolganimiz yoʻq.

Tobelik, mutelik, qoʻrquv va hadik sindromlari toʻla maʼnodagi fuqarolik masʼuliyatini anglashimizga monelik qilmoqda. Tepsa tebranmaslik, “olma pish, ogʻzimga tush” qabilida yashash, boqimandalik singari illatlar jismu jonimizda hamon yashamoqda. Shunday toifadagi kishilarning fikrlashi, yashash tarzi va jamiyatga munosabati yoshlar tarbiyasida ham aks etmoqda. “Inson taraqqiy etmasa, jamiyat taraqqiy etmaydi”, deydi davlatimiz rahbari.

Odamning ongi va tafakkuri oʻzgarishi va ravnaq topishi uzoq davom etadigan tarixiy jarayon boʻlib, unda kishilarning erishgan moddiy va madaniy merosi oʻz aksini topadi. Tarixiy taraqqiyot jamiyatning ijtimoiy-­siyosiy, iqtisodiy, madaniy-­maʼrifiy, gʻoyaviy­-mafkuraviy rivojlanishi bilan uzviy bogʻliq holda yuz beradi. Agar befarqlik, loqaydlik, boqimandalik illatlari jamiyat hayoti bilan bogʻliq boʻlsa, yana ham xatarli mazmun kasb etadi.

Zotan, loqaydlar, befarqlar va boqimandalar taraqqiyot dushmanidir. Bunday odamlar jamiyatda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar va islohotlarga eʼtiborsiz boʻladi. Oʻz tashvishi bilan yashaydigan, egoizm qon-­qoniga singib ketgan kishilar bilan, tabiiyki, yangi jamiyat qurib boʻlmaydi. Yurtdoshlarimiz ongi va tafakkurida ham yangilanishlar kechayotgani shubhasiz. Bu islohotlarni qoʻllab-­quvvatlash va roʻyobga chiqarishda ijobiy natija beradi. Zero, yangilanish surʼati faqat yangi infratuzilma, inshoot, islohotlar bilan belgilanmaydi. Aksincha, Yangi Oʻzbekiston fuqarolar ongi va tafakkurining ham yangilanishi mahsulidir.