Ayniqsa, keyingi yillarda qoʻlga kiritilayotgan tarixiy natijalar, yangi Oʻzbekiston gʻoyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli barcha soha va tarmoqlar, shaharu qishloqlar, har bir yurtdoshimiz hayoti, oʻy-tafakkurida yuz berayotgan yangilanishlar kafolatidir.
Mamlakatimizda
“Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu tamoyilga asoslangan yangi
Oʻzbekiston gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylandi. Dunyodagi murakkab
vaziyatga qaramay, iqtisodiyotimiz 6 foizdan yuqori surʼatda barqaror
oʻsayotgani xalqimiz oʻzi tanlagan yoʻldan dadil borayotganini koʻrsatmoqda.
Gap
iqtisodiy barqarorlik haqida borar ekan, oʻtgan yilgi natijalarga toʻxtalib
oʻtsak, maqsadga muvofiq boʻladi, nazarimda. 2025-yil yangi Oʻzbekiston oʻz
taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qoʻygan yil sifatida tarix
sahifalariga muhrlandi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu davrga kelib,
“biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik. Buning
tasdigʻini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va
qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab,
bogʻcha va shifoxonalar, obod koʻcha va mahallalar, transport-logistika tizimi,
raqamli xizmatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin”.
Xususan,
tarixda birinchi marta Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard
dollardan, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi. Eksport hajmi
23 foiz oshib, 33,4 milliard, iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy
investitsiyalar hajmi esa 43,1 milliard dollarga yetdi.
Yangi
Oʻzbekistonda tadbirkorlik iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, oldinga
boshlovchi katta kuchga aylangani, ayniqsa, hal qiluvchi ahamiyatga ega
boʻlmoqda.
Mamlakatimizda
barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash borasida samarali islohotlar
amalga oshirilmoqda. Bunday harakatlardan asosiy maqsad iqtisodiy barqarorlikka
erishish, xalqimiz farovonligini oshirishdir. Bunda asosiy vazifa —
kambagʻallikni qisqartirish va ishsizlik darajasini pasaytirish. Bu esa, oʻz
navbatida, xalqimizning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi, tadbirkorlikni
yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.
Davlatimiz
rahbari raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha
birinchi chorak yakunlari tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar
yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlar samara berayotgani
alohida qayd etildi.
Xususan,
birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulotimiz 8,7 foiz, sanoat 8 foiz,
xizmatlar 16,1 foiz, qishloq xoʻjaligi 5,1 foiz oʻsdi. Eksport 5,8 milliard,
xorijiy investitsiya hajmi esa 13,7 milliard dollarni tashkil qildi.
Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1 foizgacha pasaydi.
Bular
hisobiga yanvar-mart oylarida byudjet daromadi oʻtgan yildagiga nisbatan 35
foiz koʻpayib, 103 trillion soʻmga yetdi. Mahalliy byudjetlarda qoʻshimcha 2,2
trillion soʻm mablagʻ shakllandi.
Ayni
yoʻnalishdagi islohotlar natijasida Oʻzbekiston nufuzli “Iqtisodiy erkinlik
indeksi”da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti moʻtadil erkin”
davlatlar qatoridan joy oldi.
Iqtisodiy
sektor, umuman, barcha soha va tarmoqlarda erishilayotgan shu kabi natijalar,
ijobiy koʻrsatkichlar hisobiga “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi yangilandi va
navbatdagi zalvorli marralar belgilandi.
Yangilangan
koʻrsatkichlar ijrosini taʼminlash maqsadida Prezidentimizning barqaror
iqtisodiy oʻsishni saqlab qolish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va yanada
rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirish va ishsizlik darajasini
pasaytirish, soliq munosabatlari shaffofligini taʼminlash, raqamlashtirishni
keng joriy etish orqali korrupsiyaga sabab boʻlayotgan holatlarni barvaqt
aniqlash va oldini olish kabi muhim yoʻnalishlarni qamragan farmon va qarorlari
qabul qilindi.
Raqamlashtirish
tufayli tekshiruvlar kamayadi. Tekshirish kamaysa, tadbirkorning vaqti tejaladi
va faoliyati uzluksiz davom etadi. Prezidentimizning 2026-yil 17-apreldagi
“Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat
tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni
bilan tadbirkorlarga yangi imkoniyat va qulayliklar yaratildi.
Jumladan,
hujjatdan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishning nafaqat soni va
muddatini qisqartirish, balki nazorat jarayonlarini raqamlashtirish orqali
korrupsion xavflarni kamaytirish, tadbirkorlar va davlat organlari oʻrtasidagi
muloqotda shaffoflikni taʼminlash masalalari alohida oʻrin oldi.
Farmon
bilan shu yil 1-iyuldan boshlab amaldagi funksiyalariga qoʻshimcha ravishda
yangi imkoniyatlarga ega boʻlgan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va
uning mobil ilovasi ishga tushirilishi belgilandi. Natijada tadbirkorlik
subyektlari mahalliy hokimlik va nazorat organlari, vazirlik va idoralarning
hududiy tuzilmalari rahbarlari haqida maʼlumot olish va ularga murojaat qilish
tizimi yaratiladi. Shu tariqa ortiqcha ovoragarchilikning oldi olinadi hamda
tekshirishlarning qonuniyligi va tekshiruvchining vakolati toʻgʻrisidagi
maʼlumotlar real vaqt rejimida oshkor qilinadi.
Tadbirkor
va davlat organi oʻrtasidagi muloqotning shaffofligini taʼminlash masalasida
alohida tartib va talablar belgilanishi bilan noqonuniy xatti-harakatlar barham
topadi. Shu maʼnoda, davlat xizmatchisi davlat organi nomidan yoki oʻzining
xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritadigan
binoga nazorat yoki profilaktika tadbirini oʻtkazish maqsadisiz kirishi yoxud
tadbirkorlik subyektini boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri
hisoblanmaydigan muloqot sifatida baholanishi hamda “Yagona davlat nazorati”
axborot tizimiga muloqot haqidagi maʼlumotlarni kiritish davlat xizmatchilari
uchun majburiy hisoblanishi muhim yangilik boʻldi.
Tadbirkorlik
subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil
hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Yagona davlat
nazorati” axborot tizimiga kiritiladigan maʼlumotlar doimiy monitoring qilib
boriladi va vakolati doirasida tegishli choralar koʻriladi.
“Yagona
davlat nazorati” axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtmagan yoki tekshiruv
oʻtkazishga asos boʻluvchi hujjatlarni tizimga kiritmagan yoxud maxsus
guvohnomaga ega boʻlmagan nazorat qiluvchi organning xodimi tomonidan
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlar noqonuniy
hisoblanishi tadbirkorlarning huquqiy himoyasi yanada kuchaytirilganidan
dalolat. Chunki davlat organi mansabdor shaxslari va masʼul xodimlari
tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortiladi.
Kichik
biznesni rivojlantirish, shubhasiz, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya
qilish va raqobatbardoshlikni oshirishda muhim oʻrin egallaydi. Dunyo
iqtisodiyotidagi beqaror munosabatlar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalardagi
murakkabliklar hamda transport-logistika tizimidagi uzilishlar, albatta, har
qanday mamlakatning milliy iqtisodiyotiga taʼsir koʻrsatadi.
Prezidentimizning
bu masalaga alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas. Chunki iqtisodiy
munosabatlardagi har qanday kechikish vaqt va mablagʻ yoʻqotish, raqobatda
yutqazishni anglatadi. Odatda, kechikishga raqamli moliyaviy infratuzilmaning
yetarli darajada rivojlanmagani, tadbirkorlarda resurslar yetishmasligi bilan
bogʻliq muammolar sabab boʻladi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining 2026-yil
26-maydagi “Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va oʻrta
biznesni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar
toʻgʻrisida”gi qarori bu borada katta ahamiyatga ega.
Binobarin,
qarorda tadbirkorlik subyektlariga ishonchli raqamli moliyaviy infratuzilma
yaratish va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda moliyaviy
xizmatlar koʻrsatishni joriy etish orqali ularning ommabopligini yanada
oshirish nazarda tutilgan.
Jumladan,
2030-yilga qadar kichik va oʻrta biznes subyektlariga ajratiladigan kreditlar
portfelini 3 baravar oshirib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 20 foizga
chiqarish, banklar tomonidan taʼminotsiz onlayn mikrokreditlarni oʻrtacha 1
soat ichida ajratish imkonini yaratish va ushbu mikrokreditlar ulushini 60
foizga yetkazish, shuningdek, kredit tarixiga ega boʻlmagan kichik va oʻrta
biznes subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini
kengaytirish belgilangan.
Kichik
biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 2026-yil 1-iyuldan
boshlab “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi
doirasida qoʻshimcha ravishda, mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit
tarixiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditning garovsiz qismi
100 million soʻmdan 200 million soʻmgacha oshirildi.
Bundan tashqari, “Tadbirkorlikni
rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga kichik tadbirkorlik
subyektlariga kredit (lizing) miqdoridan qatʼi nazar, uning 5 milliard soʻmgacha
qismi uchun belgilangan tartibda foiz xarajatlarini qoplash maqsadida
kompensatsiya va har yili dastur asosida qoʻllab-quvvatlangan, oʻz faoliyatini
kengaytirgan hamda yuqori koʻrsatkichga ega 100 ta tadbirkorlik subyektiga
faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni va “yashil” texnologiyalarni
joriy etish bilan bogʻliq xarajatlari uchun 300 million soʻmgacha grant
ajratish vakolati berildi.
Kichik biznesni moliyaviy
qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlar milliy iqtisodiyotimiz
barqaror oʻsishini taʼminlash, dunyo bozorida mamlakatimiz oʻrnini
mustahkamlash va raqobatbardoshligini taʼminlash, eksport salohiyati va eng
asosiysi, bandlik darajasini oshirish hamda kambagʻallikni qisqartirishga
xizmat qiladi.
Soliq
siyosati va uni yuritish murakkab jarayon. Soliq yuki qancha yuqori boʻlsa,
soliq toʻlashdan qochish holatlari shuncha koʻp boʻladi yoki soliq stavkalari
qanchalik pasaytirilsa, byudjet daromadi qisqarib, ijtimoiy tadbirlarni amalga
oshirish imkoniyati cheklanishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz
soliq stavkalari koʻpaytirilmagan yoki oʻzgartirilmagan holda soliqlarning
yigʻiluvchanlik darajasini yaxshilash orqali davlat byudjeti daromadlari
manbalarini mustahkamlash vazifasini belgilab bergan edi.
Bunda,
ayniqsa, qulay soliqqa tortish tizimini yaratish orqali kichik tadbirkorlik
subyektlarining yirik tadbirkorlikka oʻtishini ragʻbatlantirish katta
ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining 2026-yil 26-maydagi kichik biznes subyektlari uchun soliq
rejimida yanada qulayliklar yaratish, qoʻshilgan qiymat soligʻi
maʼmuriyatchiligini soddalashtirish orqali aylanmani ochiqlash va biznesning
oʻsishini ragʻbatlantirish maqsadlarini nazarda tutuvchi “Kichik biznes subyektlarining
oʻsishi uchun yanada qulay iqtisodiy va maʼmuriy shart-sharoitlar yaratish
toʻgʻrisida”gi farmoni bugunning talabidir.
Farmon
bilan shu yil 1-iyundan boshlab kichik biznes subyektlariga soliq solishning
umumbelgilangan tartibiga oʻtish uchun chegaraviy miqdor amaldagi 1 milliard
soʻmdan bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravari etib belgilangani, eng
avvalo, tadbirkorlar faoliyatini yanada kengaytirish hamda biznesni sunʼiy
maydalash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Shu
oʻrinda qoʻshilgan qiymat soligʻi zanjiridagi uzilishlarning oldini olish
maqsadida muhim normalar belgilanganini alohida qayd etish lozim. Jumladan,
2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy
ovqatlanish, savdo yoki xizmat koʻrsatish sohasi boʻlgan tadbirkorlik
subyektlariga ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqish
va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.
Soddalashtirilgan
tartibga oʻtgan tadbirkorlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi tovarlar
(xizmatlar)ni realizatsiya qilish boʻyicha barcha aylanmaga nisbatan 6 foiz
boʻladi. Bunda ularga sotib olingan tovarlar boʻyicha toʻlangan qoʻshilgan
qiymat soligʻi summasini hisobga olish huquqi berilmaydi. Ushbu toifadagi soliq
toʻlovchilar uchun foyda soligʻi stavkasi nol foiz etib belgilandi va soliq
hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilindi.
Shuningdek,
soliq solishning umumbelgilangan tartibida nazarda tutilgan qoʻshilgan qiymat
soligʻi boʻyicha mavjud imtiyozlar, preferensiya va toʻlangan soliqlarning bir
qismini qaytarib berish tartibi qoʻllanmaydi. Ulardan tovarlar va xizmatlarni
sotib olgan xaridorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisobga olish
huquqi beriladi.
Bunday
tartib davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalar hamda yirik
soliq toʻlovchilarga tatbiq etilmaydi.
Umumiy ovqatlanish xizmatlarini
koʻrsatuvchi tadbirkorlar uchun shu yil 1-iyundan boshlab ayrim toifadagi
xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda
shu kunning oʻzida va muayyan muddatga rasmiylashtirish hamda ish haqini
toʻlash tartibi joriy etilgani, toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir
qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qatʼi
nazar, toʻlangan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshirilishi
belgilangani ushbu yoʻnalishdagi tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va ish
oʻrinlarini legallashtirishga xizmat qiladi.
Soliq toʻlovchilar uchun qoʻshimcha
qulayliklar yaratish va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish maqsadida
qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini vaqtincha toʻxtatib turish
hamda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib
kiruvchi (import qiluvchi) yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va
oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi
toʻlovchisi deb eʼtirof etish tartibi bekor qilindi.
Kichik biznes subyektlariga maʼmuriy
yukni kamaytirish maqsadida 2028-yil 1-yanvarga qadar soliq xavfi summasi 500
million soʻmgacha boʻlganda — soliq auditi, soliq xavfi summasi 100 million
soʻmgacha boʻlganda — sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi.
Sohada raqamlashtirish va sunʼiy
intellektdan foydalanish qamrovi kengayishi soliq maʼmuriyatchiligi
shaffofligini taʼminlashda qoʻl keladi. Boshqa tomondan, inson omilini
qisqartirish orqali korrupsiyaga olib keluvchi holatlarni barvaqt aniqlash va
ularning oldini olishga xizmat qiladi.
Prezidentimizning shu yil 19-maydagi
“Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq
maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi farmoni soliq tizimini zamonaviylashtirish, raqamlashtirish va
soliq toʻlovchilar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.
Farmonda soliq toʻlovchilarga jahon
standartlari darajasida xizmat koʻrsatish, sunʼiy intellekt va raqamli
texnologiyalardan keng foydalanish asosiy yoʻnalishlar sifatida belgilangan.
Tadbirkorlar uchun yengilliklar yaratish maqsadida yoʻl qoʻygan xatosini
mustaqil toʻgʻrilash imkoniyati yaratildi. 2026-yil 1-iyuldan boshlab ortiqcha
hujjat talab qilish — tekshiruvdan oldingi tahlilda aniqlangan tafovutlar
boʻyicha soliq toʻlovchidan majburiy ravishda aniqlashtirilgan hisobot yoki
asoslovchi hujjatlar talab qilish amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek,
ogohlantirish tizimi joriy etiladi: soliq xavfi oʻrta darajada boʻlgan
korxonalarga tekshiruv oʻtkazishdan avval aniqlangan xavflar haqida elektron
xabarnoma yuboriladi. Bu tadbirkorga xatosini oʻz vaqtida tuzatish imkonini
beradi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab yakuniy
isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan neft va gaz mahsulotlari boʻyicha
aksiz soligʻi va noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan
foydalanganlik uchun soliq, qishloq xoʻjaligi yerlari uchun suv resurslaridan
foydalanganlik uchun soliq hisobotlari soliq idoralari tomonidan proaktiv
tartibda shakllantiriladi.
Farmonda
belgilangan vazifalar soliq toʻlovchilar uchun sharoitni yaxshilashga xizmat
qiladi. Natijada halol soliq toʻlovchilar safi kengayadi. Tekshiruvlar xavf tahlili
asosida oʻtkaziladi. Raqamlashtirish hisobiga inson omili ishtiroki kamayadi.
Pirovardida soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasi ortadi va yashirin
iqtisodiyot hajmi qisqaradi.
Shu
bilan birga, soxta korxonalar zanjiri, sunʼiy qoʻshilgan qiymat soligʻini
kamaytirish, naqd pul aylanmalarini yashirish va transfert narxlaridan
notoʻgʻri foydalanish holatlarining oldi olinadi.
Qisqasi,
“Halol ishlaydigan tadbirkorga yengillik, xavfli va qoidabuzar subyektga kuchli
nazorat” tamoyili amal qiladi. Islohotlar milliy iqtisodiyotni yanada
rivojlantirish va kuchli ijtimoiy himoyani amalga oshirishga xizmat qiladi.
Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash har birimizdan ishimizga masʼuliyat
va sadoqat bilan yondashishni talab etadi.
Erkin GADOYEV,
Oliy Majlis Senatining
Byudjet va iqtisodiy masalalar
qoʻmitasi raisi