Astma kasalligi qanday davolanadi?

    Salomatlik 8 Iyun 2021 45044

    Astma kasalligi yosh tanlamasligi, ayniqsa, bolalarda kuzatiladigan surunkali xastaliklar orasida yetakchi oʻrinda turishi bilan barchani jiddiy tashvishga soladi.

    Xoʻsh, bolalardagi astma kasalligini qanday davolasa boʻladi? Kattalardachi? Astma irsiy kasallikmi?

    Shu kabi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva javob beradi.

    — Astma irsiy kasallikmi?

    — Bronxial astma bilan ogʻrigan kattalarning uchdan bir qismi bolaligida aynan ushbu xastalikka chalingan boʻladi. Oʻsmirlik paytida undan xalos boʻlgan odamlarning katta boʻlganlarida astma xavfiga duchor boʻlish ehtimoli yuqori. Bu paytda kasallikning rivojlanish xavfi irsiy omillar, shuningdek, atrof-muhitning taʼsiri bilan yana-da kuchayadi.

    Tibbiyotda bronxial astmaning kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik alohida tilga olinadi. Ayniqsa, allergik bronxial astmada irsiy omillar muhim oʻrin tutadi. Agar ota-onaning birida kasallik mavjud boʻlsa, tugʻilajak farzandda xastalikning ehtimoliy darajasi 20-30 foizni tashkil etadi. Bordiyu, ota-onaning ikkisi ham astmatik hisoblansa, kasallikning nasl surish ehtimoli 75 foizni tashkil qiladi.

    — Bolalarda astma kasalligi qanday davolanadi?

    — Odatda bolalarda astma ikki bosqichda davolanadi. Birinchi galda kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar – allergen, sovuq havo, tashqi muhitdagi begona moddalar (tamaki, chang)ni aniqlab, ularni bartaraf etish zarur. Ikkinchisi, kasallikni dori bilan davolash usulidir. Bu usulni doimiy yoki xastalik xuruj qilganda amalga oshirish mumkin.

    Shifokorlar bunday paytlarda koʻpincha gormonal preparatlar, glyukortikoidlar, ingalyatsion bronxolitiklar va antileykotriyen dori vositalaridan keng foydalanadi. Parhez tutish buyuradi. Bolalarda davolash toʻgʻri olib borilsa ularning 50 foizi butunlay tuzalib ketishi mumkin.

    — Kattalarda kasallik qanday davolanadi?

    — Astma qancha erta aniqlansa, muolajalar shunchalik yaxshi foyda beradi. Aniqlangan xastalik bosqichiga koʻra, turli dori vositalari va fiziomuolaja (nafas yoʻllari gimnastikasi, mashqlar, suzish va boshqa chiniqtiruvchi usul) lar bilan davolanadi.

    Shuni aytish lozimki, bronxial astma surunkali xastalik boʻlib, undan butunlay xalos boʻlish qiyin jarayon hisoblanadi. Biroq toʻgʻri tanlangan muolaja usullari yordamida bemorning umumiy holatini uzoq va barqaror holatga olib kelish va bu orqali uning salomatligini yaxshilash mumkin.

    Bronxial astmada ingalyatsion bronxolitiklar (qisqa va uzoq taʼsir qiluvchi) ingalyatsion glyukokortikoidlar, antileykotriyent dori vositalari katta samara beradi. Bemorlar doimiy ravishda oʻzini nazorat qilib yurishlari kerak, har qanday ahvoldagi oʻzgarishlarini oʻz vaqtida shifokor bilan maslahatlashib davoni davom ettirishlari kerak.

    Shifokorlar kasallikdan himoyalanish uchun eng birinchi galda allergenlardan ehtiyot boʻlishni tavsiya etadi. Ayniqsa, bemor yashayotgan uy ozoda boʻlishi, xonalar tez-tez shamollatib turilishi, atrofda chang zarralari, kimyoviy vositalar, hayvonlar (mushuk, it) boʻlmasligi lozim. Ammo inson hayoti davomida baribir allergenlar bilan “uchrashadi”. Shu bois bemor bronxlarini himoya qila olishi kerak.

    Buning uchun yuqori samarali maxsus dorilar yordamida doimiy bronx devorlari yalligʻlanishini bir meʼyorda ushlash talab etiladi. Bundan tashqari, kasallikni oldini olish uchun AQID (Allergenga qarshi immuno davo) terapiya usuli qoʻllanilish ham yaxshi samara beradi. Faqat bu muolaja allergolog nazoratida olinishi zarur.

    Yana bir gap. Astma koʻpincha uyqu paytida koʻproq namoyon boʻladi. Boisi bu vaqtda nafas olish yoʻllari sezgirligi ortib, oʻpkaning qisqarishi pasayadi. Shuningdek, tunda organizm oʻpka faoliyatini oʻzgartiruvchi maxsus moddalarni ishlab chiqaradi va tana harorati pasayadi. Bu esa nafas yoʻllarining sovishiga olib keladi.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.