Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili, Oʻzbekiston ekologiya partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi raisi Ibrohim Yoqubov olib bordi va ishtirokchilarni saylovda faol ishtirok etish va oʻzi xohlagan nomzodga ovoz berish har bir fuqaroning xohishi ekanligini taʼkidlab, ekologiya partiyasidan nomzodi koʻrsatilgan Narzullo Ollomurodovning nomzodini yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Shundan keyin nomzod oʻzining saylovoldi dasturi bilan yigʻilganlarni tanishtirarkan, oʻz dasturida belgilangan ustuvor vazifa hamda maqsadlariga atroflicha toʻxtaldi. Jumladan, yangi siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan partiyaning xalqchil saʼy-harakatlariga atroflicha taʼrif berdi. Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish hamda iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan yoʻnalishlardan iborat gʻoyalari haqida soʻzladi. Nomzodning saylovoldi dasturida davlatimizning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bogʻliq boʻlgan muhim tashabbuslar ilgari surilayotgani, avvalo, atrof-muhit musaffoligiga erishish, elimizning turmushini yaxshilash hamda ijtimoiy muammolarni hal etishda mavjud imkoniyatlardan foydalanish yoʻllari taklif qilinayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov iqlim oʻzgarishi muammosini ham eʼtibordan chetda qoldirmagan. Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoy vaziyatni hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash uchun amaliy ishlar qilinishi bayon etildi.

“Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida taklif qilinayotgan saylovoldi dasturimizda mamlakatda ekologik barqarorlikni taʼminlash, yashil taraqqiyot tamoyillarini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga joriy etish orqali kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari yaratish hamda farovon jamiyat barpo etish kabi maqsadlar ilgari surilgan”, dedi nomzod.

Global iqlim oʻzgarishlari, havo xarorati koʻtarilishi, Orol dengizining qurishi, salbiy meteorologik jarayonlarning takrorlanishi, yer va suv resurslaridan samarali foydalanmaslik, oʻsimlik va hayvonot dunyosi genofondining yomonlashuvi kundan-kunga chuqurlashib borayotgan muammolardan dalolat bermoqda. Shuning uchun, har qatra obi-hayotdan tejab-tergab foydalanish lozimligi dasturda koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobiga yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv isrofgarchiligiga barham berish, jumladan aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha qilinishi zarur boʻlgan bir qator vazifalar bayon etildi.

Kelgusida ekopartiya energetika sohasini isloh qilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ilm-fan va madaniy-marifiy sohalarni yanada taraqqiy ettirish, shuningdek, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni bundanda rivojlantirish borasida ezgu ishlarga bosh boʻlish vazifalari saylovchilarga yetkazildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan nomzodning saylovoldi dasturi boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi. Berilgan savollarga nomzod batafsil javob berdi.

Usmonali NORMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri